Isroilning NSO Group kompaniyasiga tegishli dasturiy ta’minotdan dunyoning turli burchaklaridagi huquq himoyachilari va jurnalistlarni kuzatish uchun bir nechta davlat hukumatlari hamda maxsus xizmatlari foydalanishgan. Bu haqda The Guardian tomonidan 16 ta media-tashkiloti bilan hamkorlikda olib borilgan surishtiruv, «Pegasus loyihasi«da aytilgan.

The Guardian xabariga ko‘ra, NSO Pegasus josuslik dasturi iOS va Android uyali telefonlariga yashirin joylashib olib, ulardan xabar, fotosurat va elektron pochta xabarlarini olishga, qo‘ng‘iroqlarni yozib olishga va mikrofonlarni yashirincha faollashtirishga imkon bergan.

Jurnalistlar o‘z fuqarolarini kuzatadigan va NSO Group mijozlari bo‘lgan mamlakatlardan 50 ming telefon raqamlari ro‘yxatini olishgan. Ushbu ro‘yxatni Parijda joylashgan Forbidden Stories jurnalistik notijorat tashkiloti va Amnesty International inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti «Pegasus loyihasi» doirasida nashrlarga taqdim etgan.

«Ro‘yxatda telefon raqamining bo‘lishi, qurilmada Pegasus o‘rnatilganligi yoki uni buzishga urinilganligini isbotlamaydi. Biroq OAVlar konsorsiumi ushbu ma’lumotlar NSO mijoz-davlatlari tomonidan kuzatish mo‘ljallangan shaxslarga ishora qiladi, deb hisoblaydi», — deyiladi surishtiruvda.

Jurnalistlardagi ma’lumotlarga ko‘ra, ro‘yxatda yuzlab kompaniyalar rahbarlari, diniy arboblar, olimlar, nodavlat tashkilotlar va kasaba uyushma xodimlari hamda rasmiylar, jumladan vazirlar, prezidentlar va bosh vazirlarning mobil raqamlari mavjud. Nashrlar yaqin kunlarda raqamlari ro‘yxatga kiritilgan odamlarning kimligini oshkor qilishni rejalashtirmoqda.

Nashrlar ro‘yxatda dunyoning turli mamlakatlaridan bo‘lgan 180 nafar jurnalistni, shu jumladan Financial Times, CNN, New York Times, France 24, Economist, Associated Press va Reuters kabi yetakchi ommaviy axborot vositalarining muxbirlari, muharrirlari va rahbarlarini aniqlashga muvaffaq bo‘ldilar.

Jurnalistlar kuzatilgan mamlakatlar

Forbidden Stories infografikasi.

Tarqalgan ma’lumotlarni tahlil qilib, jurnalistlar NSO mijozlari deb tahmin qilingan va tizimga raqamlarni kiritgan kamida 10 ta davlatni aniqladilar: Ozarbayjon, Bahrayn, Qozog‘iston, Marokash, Ruanda, Saudiya Arabistoni, Vengriya, Hindiston va Birlashgan Arab Amirliklari. Umuman olganda, raqamlar to‘rt qit’adagi 45 dan ortiq mamlakatlarni qamrab olgan.

Ruanda, Marokash, Hindiston va Vengriya ro‘yxatdagi shaxslarning telefonlarini buzish uchun Pegasus`dan foydalanilganini rad etishdi. Ozarbayjon, Bahrayn, Qozog‘iston, Saudiya Arabistoni, Meksika va Birlashgan Arab Amirliklari hukumatlari jurnalistlarning so‘rovlariga javob bermadilar.

NSO`ning o‘zi bir nechta bayonotlarida mijozlarining faoliyati to‘g‘risida «tasdiqlanmagan ayblovlarni» rad etdi, ammo «[dasturiy ta’minotni] suiiste’mol qilish bo‘yicha barcha ishonchli da’volarni tekshirishda davom etishiga» va’da berdi. Kompaniya oshkor qilinmagan 40 mamlakatda harbiy, huquqni muhofaza qilish va razvedka idoralariga dasturiy ta’minotni sotadi va josuslik dasturlarini sotishdan oldin mijozlarning inson huquqlari bo‘yicha reputatsiyasini yaxshilab tekshirishini ma’lum qildi.

The Guardian nashrining ta’kidlashicha, Isroil Mudofaa vazirligi NSO ishini qat’iy tartibga soladi va boshqa mamlakatlar tomonidan uning dasturiy ta’minotini sotib olish uchun individual eksport litsenziyalarini taqdim etadi. Avvalroq, NSO mijozlar bilan tuzilgan shartnomalardan ko‘chirmalarni e’lon qilgan. Ularda kompaniyaning texnologiyasidan faqat jinoiy va milliy xavfsizlik bo‘yicha tergov uchun foydalanishi kerakligi aytilgan.

«NSO mijozlari Pegasus`dan terrorizm yoki jinoyatchilik harakatlarini tekshirishda foydalanmagan deb taxmin qilish uchun hech qanday asos yo‘q. OAVlar konsorsiumi ro‘yxatda gumon ostidagi jinoyatchilarning raqamlarini ham topdi. Biroq jinoyatchilikka aloqasi bo‘lmagan odamlarga tegishli ko‘plab raqamlarning borligi, ba’zi NSO mijozlari demokratiya tarafdorlari va korrupsiya bo‘yicha surishtiruv o‘tkazayotgan jurnalistlar, shuningdek siyosiy muxoliflar va hukumat tanqidchilari ortidan josuslik qilib, kompaniya bilan tuzilgan shartnomalarni buzayotganiligini ko‘rsatmoqda», — deb yozadi The Guardian.

Pegasus telefonga qanday kiradi va u nimaga qodir?

Hujum usullari: Pegasus telefonga WhatsApp yoki iMessage kabi ommabop ilovlarning zaifliklaridan foydalangan holda yoki qurilma egasi o‘tishi mumkin bo‘lgan virusli havola orqali o‘rnatilishi mumkin.

Dastur imkoniyatlari: SMS, elektron pochta xabarlarini chiqarish, WhatsApp chatlariga kira olish imkoniyati, fotosuratlar va video, kontaktlar ro‘yxati, mikrofon va kamerani faollashtirish, qo‘ng‘iroqlarni yozib olish, GPS ma’lumotlari va taqvim.

«Pegasus loyihasi» haqida

«Pegasus loyihasi» — NSO Group va uning mijozlari faoliyatini o‘rganuvchi jurnalistik surishtiruv. Kompaniya kuzatuv texnologiyasini butun dunyo hukumatlariga sotadi. Uning asosiy mahsuloti iOS va Android qurilmalari uchun mo‘ljallangan josuslik Pegasus dasturiy ta’minoti hisoblanadi.

Parijda joylashgan Forbidden Stories jurnalistik notijorat tashkiloti va Amnesty International tashkiloti NSO mijozlari tomonidan kuzatilish ehtimoli bo‘lgan 50 mingdan ortiq telefon raqamlari ro‘yxatini qo‘lga kiritishdi. Ro‘yxat 2016 yilga to‘g‘ri keladi. Ro‘yxat The Guardian va boshqa 16 nashr, shu jumladan The Washington Post, Le Monde, Die Zeit va Süddeutsche Zeitung`ga taqdim etilgan. Bir necha oy davomida 80 dan ortiq jurnalistlar birgalikda Amnesty International xavfsizlik laboratoriyasining texnik ko‘magi bilan Forbidden Stories tomonidan muvofiqlashtirilgan surishtiruv ustida ish olib borishdi.