1 — 10 avgust kunlari Xatlon yo‘nalishida Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegaralarida Tojikiston, O‘zbekiston va Rossiya Qurolli Kuchlarining keng ko‘lamli qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda «Aziya-Plyus» xabar bermoqda.

Afg‘oniston bilan chegarada joylashgan «Xarbmaydon» harbiy poligonida Tojikiston, O‘zbekiston va Rossiya harbiylarining terrorizmga qarshi qo‘shma mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tadi.

Mashg‘ulotlarda uch davlatning havo kuchlari, havo hujumidan mudofaa kuchlari, zirhli texnika va maxsus qo‘shinlari ishtirok etadi. Mashg‘ulotning mavzusi Afg‘onistondan Tojikistonga terrorchilar kirib kelgan taqdirda chegaradagi uch davlat harbiylari harakatlarini muvofiqlashtirish бўлади.

Manbada ta’kidlanishicha, rejalashtirilgan manevrlar «Tojikiston, O‘zbekiston va Rossiya harbiylarining birinchi to‘liq qo‘shma mashg‘ulotlari» hisoblanadi.

Avvalroq, Rossiya harbiy mutaxassislari va O‘zbekiston harbiylari bilan hamkorlikda «Sazagan» dala-o‘quv maydonida «BTR-82» jangovar texnikasi va «AGS-17» granatomyotlaridan foydalanish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari boshlangani haqida xabar bergan edik.