Navoiy aeroporti bojxona xizmati xodimlari madaniy boylik hisoblangan tanga va qog‘oz pullarning mamlakatdan olib chiqilishiga chek qo‘ydi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

«Navoiy aeroporti» chegara bojxona posti orqali xorijga uchib ketayotgan fuqaro P.S hamda D.T.ning xatti-harakatlari bojxonachilar e’tiborini tortdi va ushbu shaxslar belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Natijada, ushbu fuqarolarga tegishli bo‘lgan sumka ichida, deklaratsiyada ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan Rus imperiyasining 14 dona tangasi va 8 dona qog‘oz kupyuralar borligi aniqlandi. Tangalarning qiymati ko‘rsatilmagan bo‘lib, ular 1841 yil 16 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Aleksandr II va Mariya Gessen-Darmshtadt nikoh to‘yi sharafiga zarb etilgan.

Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

DBQning qayd etishicha, fuqarolar «Madaniy boyliklarni olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida"gi qonunning 8-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining «Madaniy boyliklarni olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida"gi nizom talablarini buzishga urinishgan.