Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida yer sotish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Toshkent viloyatida

Ma’lum qilinishicha, fuqarolar R.Q. va B.R.lar fuqaro I.ning ishonchiga kirib, unga vakolatli tanishlari orqali Qibray tumani hududida joylashgan 7 gektar yer maydonini tender savdolariga qo‘yish orqali sotib olib berishni va’da qilgan. Buning evaziga R.Q va B.R. lar 23 ming 500 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Ushbu holat Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Zangiota tuman bo‘limi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlangan.

Surxondaryo viloyatida

Qayd etilishicha, “P” fermer xo‘jaligi rahbari H.H. fuqaro A.ga Bandixon tumanidagi davlat zaxirasida bo‘lgan 2 gektar yer maydonini o‘ziniki ekanligini aytib, ushbu yer maydonini firibgarlik yo‘li bilan sotishni rejalashtirgan va oldindan kelishilgan 100 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Ushbu holat Departament hamda DXXning Angor tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.