Richard Brensonning Virgin Galactic kompaniyasi va Omaze mablag‘ yig‘ish platformasi suborbital tijorat parvoziga ikkita chipta uchun lotereyani boshladi, deya xabar bermoqda Meduza.

Lotereya 1 sentyabrga qadar o‘tkaziladi va chiptalarni kim yutib olganligi 29 sentyabr kuni e’lon qilinadi. G‘olib faqat bir kishi bo‘ladi va u ikkita chiptani qo‘lga kiritadi.

O‘yinda ishtirok etish bepul, ammo g‘olib bo‘lish imkoniyatini xayriya tashkilotlariga 10 dollardan 100 dollargacha mablag‘ni ajratish orqali oshirish mumkin.

2022 yilga rejalashtirilgan parvozdan tashqari, lotereya g‘olibiga transfer, mehmonxonada joy va Richard Brenson bilan kosmodromga shaxsiy ekskursiya va’da qilingan.

Ma’lumotga ko‘ra, ishtirokchilar 18 yoshdan oshgan bo‘lishi va COVID-19`ga qarshi emlangan bo‘lishi kerak. Bir kishi 6000 tagacha ariza yuborishi mumkin.

2018 yilda britaniyalik milliarder Richard Brensonning Virgin Galactic kompaniyasi SpaceShipTwo yo‘lovchi kosmik shakllini sinovdan o‘tkazgan edi.

11 iyul kuni Brenson VSS Unity suborbital raketoplanida koinotga parvozini muvaffaqiyatli amalga oshirib, kosmik turizm erasini boshlab berdi. 70 yoshli tadbirkor bilan Unity 22 missiyasida ikki nafar uchuvchi — Deyv Makkey va Maykl Masuchchi hamda Virgin Galactic bosh astronavt-instruktori Bet Mozes, bosh amaliyotchi muhandis Kolin Bennett hamda hukumat bilan aloqalar bo‘yicha vitse-prezident, asl kelib chiqishi hindistonlik bo‘lgan aviatsion muhandis Sirisha Bandla ham bor edi.

Parvoz qilishni kutayotganlar soni 600 kishini tashkil etib, ular bitta parvoz uchun 250 ming dollar to‘lashga tayyor.