O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining koronavirus (COVID-19) vabosining keng tarqalishini oldini olish bo‘yicha fatvosida emlanish va vaksina tarkibi haqida tarqalayotgan gaplarga izoh berdi.

«Vaksina olmaslik, uning tarkibi to‘g‘risida bo‘lmag‘ur gaplarni tarqatish durust emas. Davlatimiz barcha talablarga javob beruvchi vaksinalar vositasida ommaviy ravishda emlash ishlarini amalga oshirayotgan ekan,barcha yurtdoshlarimiz o‘zlarini va oila a’zolarini, shifokorlar bilan kelishgan holda, emlatishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi», — deyiladi fatvo matnida.

O‘zbekiston musulmonlar idorasining viloyatlardagi vakilliklari xodimlari va imom-xatiblar ushbu fatvo mazmun-mohiyati bo‘yicha aholining keng qatlamlari orasida batafsil tushuntirish ishlarini amalga oshirishi belgilandi.

Avvalroq, idora raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov Islom dinida vaksina olishga taqiq yo‘qligi haqida ma’lum qilgan edi.

«Bizga savol ham keladi, vaksina ba’zi nojoiz narsalardan tayyorlanayotgan ekan, degan mazmunda. Aslida unday emas. Bo‘lgan taqdirda ham, bir narsa boshqa narsaga o‘tganda, u o‘zgaradi degan qoidalar bor. Bu dorimi, dorilik sharoitiga kelguncha u asli holatdan o‘zgarib ketadi. Shuning uchun bu narsalarga e’tibor berish kerak emas. Mutaxassis shuni davo deb tayinladimi, demak, bu halol tomonga o‘tdi degan xulosani beryapmiz», — degan edi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari.