Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 16 iyul kuni Chilonzor tumanidagi savdo markazi binosida tashkil etilgan koronavirusga qarshi kurashish shifoxonasida bo‘ldi, deb xabar bermoqda poytaxt hokimligi axborot xizmati (video). Hokim markazdagi sharoitlarni ko‘zdan kechirib, u yerda bemor va shifokorlar bilan suhbatlashdi.

Shifokorlardan birining ta’kidlashicha, markazda 500 dan ortiq umumiy kislorod nuqtalari mavjud bo‘lib, hozirda ularning barchasidan reanimatsiyada foydalanilmoqda.

Shahar hokimi bemor va ularning yaqinlaridan vaksina olgani haqida so‘radi va asosan «yo‘q» degan javobni oldi.

Hokim bilan suhbatda bemorlardan biri 1 iyul kuni kelganligini aytdi. Hokim esa unga uyda davolanishni maslahat berdi. «Telefon o‘ynab o‘tirishingizdan tuzukka o‘xshaysiz. Agar tuzuk bo‘lsangiz uyda davolaning», — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev. Bemor o‘z navbatida: «Menga qolsa hozir ham ketardim. O‘pkamda ozgina bor», deya javob berdi.

Hokim undan ham vaksina olgani haqida so‘radi va rad javobini oldi.

U shuningdek, markaz xodimlaridan dori-darmonlar yetarli yoki yo‘qligi haqida so‘radi. Dori-darmonlar zaxirasi yetarli ekani aytildi.

Shahar hokimi bir palatada 8 nafar bemor uchun joy qilingani borasida shifokorlar fikri bilan ham qiziqdi.

«Qulay bo‘ldi. Bir kirganda boshqalarni ham nazorat qilish oson bo‘ldi», — deydi shifokorlardan biri. Jahongir Ortiqxo‘jayevning qo‘shimcha qilishicha, «bu yangi metod».

Boshqa bir bemor hokimga shifokorlar yaxshi qarashayotganini aytdi. «Rahmat, baraka topinglar. Davlatimizga mingdan-ming rahmat. Shifokorlarimizning hammasi yaxshi, gap bo‘lishi mumkin emas. Bugun sizni rosa esladim. „Shahar hokimi keladi“ degandim, palatadagilar ishonmagan edi», — dedi bemor.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Markaz xodimlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, shifoxonada 65 foiz ayollar davolanmoqda va ular orasida vaksina olgan bemorlar ham bor. Biroq, emlangan fuqarolarda kasallik yengil formada o‘tmoqda. «4−5 kunda sog‘ayib chiqib ketyapti», — dedi shifokor. Вакцина olgan 33 nafar bemor 3 kunda davolanib чиққани qo‘shimcha qilindi.

Hokim esa vaksinatsiya jarayoni muhimligi, kasallik shu tarzda tarqalishda davom etsa, kun kelib joy topish muammoga aylanishi mumkinligini qayd etdi.

«Vaksinani tekin bersak ham olishmayapti. Tezda [fuqarolarga] vaksina qilish kerak. Bo‘lmasa, ertaga odamlarni joylashtira olmaymiz. O‘zini-o‘zi ehtiyot qilmasa, ertaga joy ham qolmaydi», — deydi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Avvalroq, Toshkentdagi «Yoshlik» va «Universal» sport majmualari hamda «O‘zekspomarkaz»da joylashgan koronavirus bemorlari uchun taqsimlash markazlari faoliyati qayta yo‘lga qo‘yilgani haqida xabar berilgan edi.

Shuningdek, Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi sport saroyida ham COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun zahira markazi ochilayotgani qayd etilgan.