Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida qatnashadigan toshkentlik sportchilar 100 mln so‘mdan mukofotlandi, deya xabar bermoqda Turizm va sport vazirligi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahri nomidan XXXII yozgi Olimpiya hamda XVI yozgi Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalarni qo‘lga kiritgan 20 nafar, jumladan 17 nafar Olimpiya va 3 nafar Paralimpiya sportchilarga ularni ruhlantirish maqsadida shahar hokimining tashabbusi bilan 100 mln so‘mdan pul mukofoti bilan rag‘batlantirildi.

Shavkat Mirziyoyev 30 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Yoshlar bilan uchrashuvda Olimiya va Paralimpiya o‘yinlarida qatnashadigan sportchilarni musobaqadan avval ham kayfiyatini ko‘tarish kerakligi haqida aytgan edi. «Qancha ularni e’tirof etsak ularda g‘alabaga ehtiyoj paydo bo‘ladi», — degan edi prezident.

Bunga qadar, Olimpiya hamda Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalarni qo‘lga kiritgan bir guruh Toshkent viloyati sportchilariga uy, Spark rusumli avtomobillar hamda pul mukofotlari topshirilgan edi.

Ma’lumot o‘rnida, prezident qaroriga asosan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida oltin medal olgan sportchilar uchun 200 ming, kumush medal uchun 100 ming va bronza medal uchun 50 ming AQSh dollari berilishi ham ko‘zda tutilgan.