Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdorlari ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati.

Marosimda gimnastikachi Oksana Chusovitina va bokschi Bobo-Usmon Baturov O‘zbekiston delegatsiyasining bayroqdorlari bo‘lishadi. Shu tariq, Oksana Chusovitina yozgi Olimpiya o‘yinlarida bayroqdor bo‘lgan o‘zbekistonlik dastlabki ayol atlet sifatida tarixdan joy olmoqda.

Ochilish marosimining ssenariysiga ko‘ra, barcha davlatlardan 1 nafardan erkak va ayol sportchilar bayroqdor bo‘lib chiqishadi. Bu Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan targ‘ib qilinayotgan gender tenglik siyosatining amalda tatbiq etilishidir.

Oksana Chusovitina yettita yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan yer yuzidagi yagona ayol gimnastikachi sifatida Ginnesning rekordlari kitobiga kiritilgan. Avvalroq, u olimpiadadan keyin faoliyatini yakunlashini ma’lum qilgan edi.

Ma’lumot uchun, XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi 23 iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:00 da Tokiodagi “Olimpiya” stadionida boshlanadi.