Bugun O‘zbekistonda iyul oyining o‘rtasidagi qiymatlar uchun me’yoridan past bo‘lgan havo harorati bilan chilla uchun xos bo‘lmagan ob-havo kuzatilmoqda, deya xabar berdi O‘zgidromet.

Respublikaning markaziy va janubi-sharqiy hududlari bo‘yicha kun davomida havoning o‘zgarishi saqlanib turadi. Toshkent, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati +30…+33 darajani, shimolda va janubda +36…+39 darajani tashkil etadi.

Shanba va yakshanba kunlari salqin havo massasi O‘zbekiston hududi chegarasidan chetga chiqadi va havo harorati me’yoriy qiymatlargacha ko‘tariladi. Ushbu kunlarda respublikaning barcha hududlarida asosan kam bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havo kunduz kunlari +35…+38 darajagacha isiydi.

Dam olish kunlari, faqat Namangan va Farg‘ona viloyatlarining tog‘li hududlarida, shuningdek Qirg‘izistonning tog‘li hududlarida, Farg‘ona vodiysi bilan chegaradosh qismida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

“Bu mahalliy yomg‘irlar Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel toshqinlari shakllanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun, O‘zgidromet aholini ushbu hududlarda joylashgan dam olish maskanlariga bormaslikni qat’iy tavsiya etadi”, — deyiladi xabarda.