Pokiston bosh vaziri Imron Xon afg‘on mojarosini hal qilish uchun Afg‘onistonning qo‘shni davlatlari, jumladan, Turkiyaning ishtiroki zarurligini ta’kidladi. Bu haqda u 15 iyul kuni Toshkentdagi brifingda ma’lum qildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Pokiston yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida tomonlar siyosiy vaziyatni atroflicha muhokama qilishgan.

«Biz Afg‘onistonning qo‘shnilari sifatida ushbu masaladan xavotirdamiz. Afg‘onistonning qardosh xalqi so‘nggi 40 yil davomida urushlardan aziyat chekmoqda… Afg‘onistonda tinchlikka erishish uchun [mojaro] tinch siyosiy yo‘l bilan hal etilishi zarur. Biz buni atroflicha muhokama qildik. Biz shuningdek o‘ylaymizki, Afg‘oniston qo‘shnilari — O‘zbekiston, Tojikiston, Eron, Pokiston va xattoki Turkiya — tinchlik jarayoniga o‘z hissamizni qo‘shish uchun bor kuchimizni ishga solamiz», — dedi u.

Imron Xon avvaliga mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari ushbu masala yuzasidan uchrashishlariga umid bildirdi. «Keyin biz fuqarolik urushiga o‘xshash holatni to‘xtatish uchun [davlatlar rahbarlari] sammitini tashkil etishga harakat qilamiz», — dedi bosh vazir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev OAV vakillari uchun o‘tkazilgan brifingda O‘zbekiston va Pokistonning yagona maqsadi — afg‘on zaminida tinchlik va barqarorlikka tezroq erishish ekanini ma’lum qildi.

14 iyun kuni Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on agar AQSh moliyaviy va siyosiy ko‘mak ko‘rsatsa, Qobuldagi Hamid Karzay aeroportida cheklangan kontingentni saqlab qolishga tayyorligini bildirgandi. Turklar 2013 yildan buyon Afg‘onistondagi harakatlarda qatnashib kelmoqda.

«Tolibon» harakati buni bosqinchilikning davomi deb baholadi va turk qo‘shinlarining Afg‘oniston hududidan chiqib ketishini talab qilib, ularga hujumlar uyushtirish bilan tahdid qildi.

14 iyul kuni Shanhay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Afg‘onistonda nizolashayotgan tomonlarni kuch ishlatishdan tiyilishga chaqirdi.

AQSh prezidenti maslahatchisi Elizabet Shervud-Rendall Toshkentdagi uchrashuvda qo‘shma shtatlar Afg‘onistondagi tinchlik muzokaralarini qo‘llab-quvvatlashda davom etishi hamda Afg‘oniston mudofaa kuchlariga yordam ko‘rsatishini ma’lum qildi.