O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 iyul kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiyada nutq so‘zladi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Unda Afg‘oniston prezidenti, Pokiston bosh vaziri, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari, 44 mamlakat va 30 ga yaqin xalqaro tashkilot delegatsiyalari, nufuzli tadqiqot va tahlil markazlari rahbarlari ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston rahbari so‘zi avvalida tarixiy vaziyat taqozosi bilan 19 asrda ikki qo‘shni mintaqaning aloqalari uzilib qolganini ta’kidladi. O‘zaro ziddiyatlar kuchayib, keskin mojarolarga aylanishi tufayli Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida to‘siqlar paydo bo‘lib, chegaralar yopildi aytildi.

«Hamkorlik va bir-birini anglash davri tugab, uning o‘rnini qarama-qarshilik hamda ishonchsizlik muhiti egalladi. Buning salbiy oqibatlarini biz hozirgi vaqtda samarali transchegaraviy yo‘llar mavjud emasligi, savdo-iqtisodiy aloqalar yaxshi rivojlanmagani hamda madaniy-gumanitar munosabatlar salohiyati to‘liq ishga solinmagani misolida ham sezib, his etib turibmiz», — dedi u.

Xalqaro anjumanda bugungi kunga kelib, dunyo turli tahdidlar, shu bilan birga, yangi imkoniyatlarni o‘zida mujassam etgan global geosiyosiy o‘zgarishlar davriga qadam qo‘ygani qayd etildi.


«Shunday murakkab sharoitda qariyb 2 mlrd aholi yashaydigan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni qayta tiklash muhim hayotiy zarurat va tabiiy jarayonga aylanmoqda. — deya so‘zida davom etdi prezident. — O‘ylaymanki, xalqlarimizning ulkan tarixiy, ilmiy, madaniy-ma’rifiy merosi hamda iqtisodiyotlarimizning o‘zaro bir-birini to‘ldirish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, mavjud intellektual salohiyatni, birgalikdagi sa’y-harakatlarimizni o‘zaro muvofiqlashtirish vaqti keldi. Bu esa, hech shubhasiz, o‘zining qudratli ta’sir kuchini namoyon etadi».

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zaro bog‘liqlik, hamkorlik, muloqot va eng asosiysi, ishonch izchil va barqaror rivojlanish, mintaqalar aholisining turmush darajasi hamda farovonligini oshirishning harakatlantiruvchi kuchiga aylanadi.

«Bunday yondashuv — davr talabidir, Bularning barchasi bir tomondan, ziddiyat va ijtimoiy-iqtisodiy larzalardan xoli bo‘lgan mintaqalararo hamkorlik va sheriklik maydonini, ikkinchi tomondan, mahsulotlar, xizmatlar, investitsiya va innovatsiyalarning keng bozori shakllanishi uchun zarur sharoitlarni yaratadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston yetakchisi Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi faol va ochiq muloqot ulkan savdo-iqtisodiy va madaniy- sivilizatsion salohiyatni to‘liq ro‘yobga chiqarishni o‘z ichiga olgan 10 ta taklifni ilgari surdi.

1. «Savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va o‘zaro sarmoyalarni ko‘paytirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish — ustuvor vazifa hisoblanadi».

«Mahsulot va xizmatlar hamda investitsiyalarning erkin harakati uchun transport-kommunikatsiya va energetika infratuzilmalarini shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish ushbu masalalar yechimiga amaliy hissa qo‘shgan bo‘lur edi. Buning uchun ota-bobolarimiz majlis va qurultoylar, loyya jirg‘a, vasi mushavarat va sabxa kabi yig‘inlarda to‘planganlaridek, biz ham mamlakatlarimiz o‘rtasida dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun investitsiyaviy hamkorlik va kooperatsiyani chuqurlashtirish, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish bo‘yicha yillik mintaqalararo forum o‘tkazishni taklif etamiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ta’kidlanishicha, bunday muloqotlar doirasida ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar yangi ish o‘rinlarini yaratish, iqtisodiyotlarimiz salohiyatini rivojlantirish va ularning barqaror o‘sishini ta’minlashga qaratilgan aniq dastur va loyihalarni uyg‘unlashtirish imkoniyatini beradi.

Shuningdek, mintaqalar davlatlari o‘rtasida ko‘ptomonlama Iqtisodiy hamkorlik bitimini tuzish masalasini qo‘shma ekspertlik tahlilidan o‘tkazishga doir tashabbus ham ilgari surildi.

2. «Markaziy va Janubiy Osiyoda zamonaviy, samarador va xavfsiz transport-logistika infratuzilmasini yaratish».

Anjumanda Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar temir yo‘l tarmog‘i mintaqalar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik arxitekturasining asosiy bo‘g‘iniga aylanishi kerakligi aytildi. Ushbu loyiha yetakchi xalqaro moliya institutlari tomonidan ham faol qo‘llab-quvvatlanmoqda.

«Bu temir yo‘l tarmog‘ining qurilishi har ikki mintaqaning tranzit salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarish, Janubiy Osiyo va Yevropa mamlakatlari o‘rtasida Markaziy Osiyo va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hududi orqali o‘tadigan eng qisqa yo‘lni ochish, shu bilan birga, yuklarning turib qolishi va tashish muddatlarini sezilarli darajada qisqartirishga xizmat qiladi», — dedi O‘zbekiston rahbari.

Shu bilan birga, u ushbu transchegaraviy temir yo‘lni foydalanishga topshirish Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining inklyuziv iqtisodiy rivoji uchun mustahkam zamin yaratishini qayd etdi.

«Mazkur temir yo‘l tarmog‘i Hind-Gang tekisligini Taksila, Gandara, Termiz singari tarixiy shaharlar orqali Yevroosiyoning janubiy hududi bilan bog‘lagan, Uttarapatxa nomi bilan ma’lum qadimgi shimoliy savdo yo‘lining o‘ziga xos zamonaviy shakli bo‘ladi. Hindistonni Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘laydigan „Shimol — Janub“ transport koridori mana shunday transmintaqaviy infratuzilmani hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etishning yorqin namunasidir», — dedi u.

Bundan tashqari, Transafg‘on temir yo‘l qurilishi loyihasi kelgusida mamlakatlarni Xitoy va Osiyo-Tinch okeani mintaqasining boshqa yetakchi davlatlari bilan bog‘lashi mumkin. Bu esa «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi maqsadlari bilan ham uyg‘undir.


3. «Istiqbolli raqamli platformalarni joriy etish Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarini iqtisodiy rivojlantirishning lokomotiviga aylanishi darkor».

«Savdo, tranzit, chegaralardan o‘tish borasida raqamli hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish va Qo‘shma harakatlar strategiyasini qabul qilish zarur. Bu jarayonga mamlakatlarimiz va BMTning ixtisoslashgan tuzilmalari yetakchi ekspertlarini keng jalb etish muhimdir», — deya ta’kidladi Mirziyoyev.

4. «Bepoyon mintaqalar hududida hamkorlikda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘llarini izlash».

Davlat rahbari so‘zi davomida so‘nggi vaqtlarda asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxi jadal o‘sib borayotgani, dunyoning ba’zi mintaqalarida aholi keskin oziq-ovqat taqchilligini boshidan kechirayotganini aytib o‘tdi.

«Bunday tahdidlarni bartaraf etish bo‘yicha Dastur ishlab chiqish uchun BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) shafeligida mamlakatlarimiz qishloq xo‘jaligi vazirlarining uchrashuvini o‘tkazishni taklif etamiz. Mazkur hujjat ishlab chiqarish kooperatsiyalariga oid loyihalarni amalga oshirish, ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish, qo‘shma loyihalarni tayyorlash va tegishli tadqiqotlar o‘tkazish kabi vazifalarni nazarda tutishi zarur», — dedi u.

5. «Xavfsizlik va barqarorlikka tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda kuchlarni birlashtirish».

Shavkat Mirziyoyev: «Biz terrorizm, ekstremizm, transmilliy, xususan, kibermakondagi jinoyatchilikka qarshi faqat birgalikda samarali kurash olib borishimiz mumkin».

U bu borada dastlabki qadam sifatida BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ishtirokida Giyohvandlikka qarshi qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqishni taklif etdi.

«Kuchlarni birlashtirish zarur bo‘lgan asosiy yo‘nalishlardan yana biri — terrorizm xavfiga qarshi kurash, deb hisoblaymiz. Biz ushbu masalalar bo‘yicha ikki mintaqa vakillari ishtirokida maxsus ekspertlik uchrashuvini tashkil etishga tayyormiz. Bu muloqotni joriy yil noyabr oyida BMTning Markaziy Osiyoda global terrorizmga qarshi strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilinganining o‘n yilligiga bag‘ishlab Toshkentda o‘tkaziladigan xalqaro konferensiya doirasida uyushtirish ham mumkin», — dedi prezident.

6. «„Yashil“ iqtisodiyotni rivojlantirishni rag‘batlantirish va ekologiya masalalari alohida e’tiborni talab etadi».

Markaziy va Janubiy Osiyoning barcha mamlakatlarida jadal sanoat va demografik o‘sish jarayoni global iqlim o‘zgarishlari sharoitida yuz bermoqda. Bunday vaziyatda suv resurslari taqchilligi, atrof-muhit va atmosferaning ifloslanishi, tuproq qatlamining yemirilishi va cho‘llanish barchamizga daxldor muammolar hisoblanadi, deya ta’kidladi O‘zbekiston yetakchisi.

«Tobora umumbashariy tus olib borayotgan Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq vaziyat ekologik tahdidlarning o‘ta salbiy ta’siriga yaqqol misol bo‘la oladi. Bu fojeaning oqibatlarini yumshatish, kelgusida insoniyatni bunday ofatlardan ogoh etish uchun barcha choralarni ko‘rishimiz kerak. Bu borada tabiat bilan uyg‘un bo‘lishga intilib yashagan ajdodlarimizning tajribasiga tayanishimiz zarur», — dedi u.


7. «Markaziy va Janubiy Osiyoning ulkan sayyohlik salohiyatini to‘liq ishga solish tarafdorimiz».

Bu haqda so‘z yuritganda, mashhur sayyohlik brendlarini, yangi va qulay sayyohlik mahsulotlari va yo‘nalishlarini, jumladan, qiziqish tobora ortib borayotgan «ziyorat turizmi»ni rivojlantirish, vaksinatsiya bo‘yicha o‘zaro tan olingan sertifikatlar asosida «Yangi sharoitdagi turizm» концепциясиni keng joriy etish zarurligi aytildi.

«Butunjahon sayyohlik tashkiloti doirasida Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘yicha xalqlarimizning tarixiy va madaniy merosini ommalashtirishga qaratilgan Dastur ishlab chiqishni taklif qilamiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

8. «Ilmiy va madaniy-gumanitar almashuvlarni kengaytirish do‘stlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashning muhim shartlaridan biridir».

O‘zbekistonda Termiz shahrida YUNESKO shafeligida «Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy merosi» mavzusida xalqaro forum o‘tkazishni taklif etamiz.

«Mamlakatlarimiz aholisining katta qismini tashkil etadigan yoshlarni jalb etgan holda, ta’lim va ilm-fan, madaniyat va sport sohalarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Yoshlar — bizning bebaho boyligimiz ekanini barchamiz yaxshi anglaymiz. Mamlakatlarimiz va xalqlarimizning taqdiri va kelajagi — aynan yosh avlodning qanday ta’lim va tarbiya olishi, ular uchun qanday shart-sharoit va «sotsial lift"larni yaratib berishimizga bevosita bog‘liq», — dedi u.

Yoshlar masalasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida doimiy faoliyat yuritadigan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari yoshlari kengashini tuzish taklifi bildirildi.

9. «Bugungi kunda ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasida yuksak marralarga erishish mamlakatlarning jadal rivoji yo‘lidagi muhim omil hisoblanadi».

«Birgalikda qo‘shma tadqiqotlar va innovatsion ishlarni olib borish, ilmiy va o‘quv stajirovkalarini, tajriba almashish dasturlarini rag‘batlantirish zarur.
Shu munosabat bilan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining olim va tadqiqotchilari uchun soddalashtirilgan viza tartibini joriy etish, shuningdek, universitetlar va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha onlayn-platforma yaratishni taklif etamiz», — dedi O‘zbekiston prezident.


10. «Mintaqalarning o‘zaro bog‘liqligi va taraqqiyoti sur’atini tizimli o‘rganish va tahlil qilish asosida chuqur o‘ylangan qarorlar qabul qilish hozirgi paytda har qachongidan ham dolzarbdir».

«Mazkur Forum arafasida Toshkentda Markaziy Osiyo xalqaro instituti ochildi. Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida ushbu tahlil markazi qoshida mamlakatlarimizning taniqli olimlari, tadqiqotchi va tahlilchilaridan iborat Ekspertlar kengashini tuzishni taklif qilamiz», — deya qayd etdi u.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev bugungi konferensiya yakunlari bo‘yicha Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida, umuman, Yevroosiyo makonida doimiy va barqaror rivojlanishning muhim omili sifatida o‘zaro aloqalarni mustahkamlash to‘g‘risida maxsus rezolyutsiya loyihasini ishlab chiqib, BMT Bosh Assambleyasiga taqdim etish taklifini ilgari surdi.

«Ushbu hujjatda muloqotlarimizning umumiy yondashuvlari, asosiy tamoyil va yo‘nalishlarini aks ettirish lozim. Rezolyutsiya loyihasida bizning Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari mintaqaviy bog‘liqligi bo‘yicha yuqori darajadagi doimiy forumlarni muntazam o‘tkazib borishga tayyorligimizni aks ettirish ham maqsadga muvofiqdir», — dedi davlat rahbari.

U so‘zi yakunida bu kabi xalqaro konferensiya yangi O‘zbekiston shakllanishi davrida bo‘lib o‘tayotganiga urg‘u berdi.


«Bizning bugungi anjumanimiz yangi O‘zbekistonning shakllanishi va rivojlanishi bilan bog‘liq muhim tarixiy davrda bo‘lib o‘tmoqda. Biz jamiyatimizning barcha sohalarida tizimli va tub demokratik islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirmoqdamiz. Bu o‘zgarishlar keng ko‘lamli va ortga qaytmaydigan muqarrar tus oldi. Bu — xalqimizning prinsipial tanlovidir. Markaziy Osiyo mintaqasida — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan tub o‘zgarishlar O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy yutug‘idir», — dedi u.

Umumiy sa’y-harakatlar natijasida mintaqamizda o‘zaro ishonch va bir-birini qo‘llab-quvvatlash ruhiga asoslangan mutlaqo yangi muhit shakllanishiga ishonch bildirildi.

«Biz rivojlanish drayverlari hamda «yangi o‘sish nuqtalari»ni birgalikda aniqlash va muntazam muloqotlar uchun samarali maydon yaratdik. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvini avgust oyi boshida Turkmanistonda o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Shuni alohida ta’kidlab aytmoqchiman: O‘zbekiston konstruktiv va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga doimo tayyor bo‘lgan ishonchli va barqaror, qat’iy pozitsiyaga ega sherikdir», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.