26 iyun kuni taxminan soat 19:45 larda ichki ishlar organiga Olmazor tumanida joylashgan «To‘xtaboy» jome masjidiga kelgan fuqaro Fozilxodja Arifxodjayev (1980 y.t.) janjal ko‘tarib (video), jamoat tartibini va fuqarolar tinchligini buzganligi haqida xabar kelib tushgan, deya xabar bermoqda Toshkent shahar IIBB axborot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani IIO FMB tomonidan tekshiruv o‘tkazilib, to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor sudiga taqdim etilgan.

Sud F.Arifxodjayevni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida (mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etishda aybli deb topib, 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Qayd etilishicha, tekshiruv jarayonida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga F.Arifxodjayevning uyali aloqa vositasida shubhali diniy mazmundagi materiallar mavjudligi va ularni boshqa fuqarolarga namoyish etganligi haqida xabar kelib tushgan. «Mazkur materiallarning xususiyatiga aniqlik kiritish maqsadida telefon apparati protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan, diniy mazmundagi materialni tekshirish uchun dinshunoslik ekspertizasi tayinlangan», — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Xabarda aytilishicha, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasiga ko‘ra, F.Arifxodjayevning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi «Fozilxo‘ja Arifxodjayev» nomli profiliga joylashtirilgan ayrim materiallar diniy aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi materiallar sirasiga kirishi aniqlangan. «Ularni O‘zbekiston hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi», — deyiladi xabarda.

Ushbu holat bo‘yicha Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan F.Arifxodjayevga nisbatan JKning 244−1-moddasi 3-qismi «g» bandi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda.