Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatida ayollar avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygani aks etgan videoyozuv tarqaldi. Daryo ma’lumotlariga ko‘ra, 15 iyul kuni M-37 avtomagistralining G‘ijduvon tumanidan o‘tgan qismida sodir bo‘lgan hodisada 15 nafardan ziyod ayol ishtirok etgan.

Buxoro maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Farhod Latipovning nashrga ma’lum qilishicha, «Qo‘rg‘on» mahallasi, «Marjona g‘uncha» nodavlat ta’lim muassasasi bilan Maktabgacha ta’lim vazirligi o‘rtasida davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim tashkiloti qurish uchun shartnoma imzolangan.

Hujjatga muvofiq, tadbirkor M.I. 1,7 mln so‘mlik bitim evaziga 90 o‘ringa mo‘ljallangan MTMni tiklab, foydalanishga topshirishi nazarda tutilgan. Bitimga asosan, viloyat «Ipoteka» banki tomonidan 1,275 mlrd so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilgan. NTM binosining qurilish muddati 2018 yil 31 dekabr kuniga qadar belgilangan.

«Biroq tadbirkor o‘zboshimchalik bilan quvvatni oshirish maqsadida 90 o‘rinli emas, 150 o‘ringa mo‘ljallangan NTM binosini qurgan. Bundan tashqari, tadbirkor bankdan qo‘shimcha ravishda 21 foizli 300 million so‘m kredit olgan hamda ushbu kreditdan qarzdorlik yuzaga kelgan. Qarzdorligi bo‘la turib, u yana bankdan yirik miqdorda kredit so‘ragan va rad javobini olgan. Shundan so‘ng o‘ziga tanish bo‘lgan ayollar bilan katta magistral yo‘lni to‘sib chiqib, qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan», — dedi Farhod Latipov.

Hodisaga Buxoro viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ham izoh berib, ayollarning xatti-harakatlari natijasida trassada yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan, jabrlanganlar bor.

Mazkur hodisa yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda To‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudiga taqdim etiladi, deya qo‘shimcha qildi viloyat IIB.