Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani 16 iyul kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘yicha anjumanda mamlakatdagi vaziyat to‘g‘risida so‘zlab berdi.

«Biz mojaroni „Tolibon“ harakati bilan siyosiy aloqalar orqali hal qilishga intilmoqdamiz, bu bizning milliy ustuvor maqsadimiz. Bundan tashqari, biz davlatimiz butun, demokratik, tinch bo‘lishi uchun ishlaymiz. Biz haqiqiy demokratiya haqida gapiramiz», — deya ta’kidladi Ashraf G‘ani.

U shunday deb qo‘shimcha qildi: «Biz „Tolibon“ bilan muzokaralar olib borish va ularga yon bosmaslik uchun barcha choralardan foydalanyapmiz».

Mamlakat prezidentining so‘zlariga ko‘ra, aholi afg‘on qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlamoqda va hukumat saflariga ko‘ngillilarni yollash hozirda o‘sib bormoqda, biroq qiyinchiliklar ham yo‘q emas. Bu birinchi navbatda koronavirusning uchinchi to‘lqinidir.

Bundan tashqari, Ashraf G‘anining so‘zlariga ko‘ra, AQSh siyosiy qarorlar doirasida harakatlanmoqda. Ular o‘z harbiy bazalarini ko‘chirishdi va 5000 dan ziyod mahbuslar va 50 nafar yirik narkosavdogarlar xalqaro talab asosida qo‘yib yuborildi, dedi Afg‘oniston prezidenti.

«Bularning barchasi odamlarimizni qochqinlarga aylantirdi, ular tinchroq hayot kechirish uchun xavfsiz shaharlarga qochishga harakat qilmoqdalar. „Tolibon“ taklif qilgan yagona tanlov — ular tomonga o‘tish yoki taslim bo‘lish», — dedi Ashraf G‘ani.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirda mamlakatga Pokistondan ko‘p miqdorda «jihodchi jangarilar»ning kirib kelishi kuzatilmoqda. Afg‘oniston prezidentining so‘zlariga ko‘ra, ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri transmilliy terroristik tashkilotlar bilan bog‘liq.

«Bundan tashqari, biz xalqaro kuzatuvchilar orasida konsensus holatiga guvoh bo‘lmoqdamiz, ular qo‘llab-quvvatlash uchun hech qanday qadam tashlamadilar», — dedi Ashraf G‘ani.

Hozirda hukumatning e’tibori, Afg‘oniston prezidentining so‘zlariga ko‘ra, to‘liq mavjud ziddiyatlarga qaratilgan. Davlat rahbari Afg‘onistonning «Tolibon» bilan yuzma-yuz to‘qnashuvga tayyorligini ta’kidlab, harakatni hamkorlikka chaqirdi.