Germaniyaning g‘arbiy qismidagi Arvayler okrugi ma’murlari toshqinlar natijasida taxminan 1,3 ming kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblamoqda, deya xabar berdi RIA Novosti.

Avvalroq kamida 58 kishi halok bo‘lganligi, o‘nlab odamlar bedarak yo‘qolgani haqida ma’lum bo‘lgan edi. Faqatgina Bad-Noyenar-Arvayler hududida payshanba kuni ertalab mingdan ortiq qutqaruv ishlari amalga oshirilgan.

“Vayronagarchilik bilan bog‘liq qiyin vaziyat tufayli, vaziyatni yakuniy baholash hozircha mumkin emas”, — deya ta’kidladi rasmiylar.

Germaniyada dushanba kunidan beri yomg‘irlar davom etmoqda, bunga Yevropaning g‘arbiy qismida shakllangan “Bernd” sikloni sabab bo‘lgan. Tabiiy ofatning asosiy zarbasi daryolar bor bo‘lgan g‘arbiy va janubi-g‘arbiy hududlarga to‘g‘ri kelgan. Reyn daryosi qirg‘og‘idan toshgani tufayli, ko‘chalarni suv bosgan.

Suv bosgan yo‘llar va vayron bo‘lgan ko‘priklar tufayli ba’zi aholi punktlariga hanuzgacha kirish imkoni yo‘q. Shimoliy Reyn-Vestfaliyaning beshta tumanida to‘g‘on buzilishi xavfi tufayli aholini evakuatsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Trir shahrida mahalliy daryo toshganidan keyin 350 ga yaqin odam hududdan olib chiqildi.

Cuv toshqini xavfi tufayli Reyn-Erft okrugida favqulodda holat e’lon qilindi.

Germaniya kansleri Angela Merkel voqeani izohlar ekan, Germaniya g‘arbiy qismidagi fojianing yakuniy ko‘lami faqat keyingi kunlarda aniq bo‘lishini aytdi. U qurbonlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.