Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrelni qabul qildi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Uchrashuvda ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo inson kapitali va demokratik yangilanishlar, biznes, investitsiya va innovatsiyalarni ilgari surish, «yashil» taraqqiyot, ekologiya, madaniy almashinuv va boshqa yo‘nalishlarda yanada kengaytirish muhim ekani ta’kidlandi. O‘zbekiston va Yevroittifoq o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangi bitim bo‘yicha muzokaralar yakuniga yetayotgani ma’lum qilindi, deyiladi xabarda.

Shavkat Mirziyoyev shuningdek, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar, Qozog‘iston bosh vazirining o‘rinbosari — tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov va Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddinni qabul qildi.

Prezident matbuot xizmati qayd etishiga ko‘ra, mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar — Afg‘onistondagi vaziyat hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilari va Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitlariga tayyorgarlik ko‘rib chiqildi.

Foto