Abu Dabida 19 iyuldan boshlab komendantlik soati va amirlikka kirish uchun cheklovlar joriy qilinadi

Abu Dabi Favqulodda qo‘mitasi amirlikka tashrif buyuruvchilar uchun qoidalarni yangiladi. PZR test-sinovining manfiy natijasiga ega shaxslar 48 soat ichida, BAAda qo‘llanadigan tezkor testdan o‘tganlar esa 24 soat ichida mamlakatga kira oladilar. Bundan tashqari, PZR testidan o‘tganlar to‘rt kundan so‘ng, ekspress-testdan o‘tganlar esa uch kun o‘tgach testdan qayta o‘tishlari kerak bo‘ladi. Shuningdek, ko‘chalar va jamoat obyektlarini sanitarizatsiya qilish maqsadida yarim tundan 05:00 gacha komendantlik soati joriy etilmoqda. Ushbu soatlarda shaxsiy va jamoat transport vositalarining harakati to‘xtatiladi, aholining harakatlanishi taqiqlanadi.

28 iyun kuni Abu Dabi hukumati 20 avgustdan boshlab barcha jamoat joylari, shu jumladan savdo markazlari, restoranlar, kafelar, dam olish maskanlari, ko‘ngilochar markazlar, muzeylar, istirohat bog‘lari va sport zallariga faqat emlanganlar kirishlari mumkinligini e’lon qilgan edi. Ushbu chora kurort zonalari, bolalar bog‘chalari, maktablar va universitetlarga ham taalluqli. Emlashga qarshi ko‘rsatmalarga ega shaxslar va 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar bundan mustasno. — TASS.


JARdagi tartibsizliklarda vafot etganlar soni 117 nafarga yetdi

3 mingdan ortiq kishi hibsga olingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, norozilik namoyishlari va tartibsizliklarni bartaraf etish uchun 25 ming askar safarbar qilingan. The Guardian’ning yozishicha, davom etayotgan noroziliklar butun mamlakat bo‘ylab yoqilg‘i va oziq-ovqat ta’minotiga tahdid solmoqda. Namoyishchilar do‘konlar va savdo omborlarini talon-toroj qilishmoqda, shuningdek, yo‘llarni va boshqa muhim infratuzilma obyektlarini to‘sib qo‘yishmoqda. Ko‘plab zarar ko‘rgan hududlarda qurollangan fuqarolar o‘z-o‘zini himoya qilish guruhlarini tuzishdi, ular to‘siqlar o‘rnatib, namoyishchilarga qarata o‘q uzishmoqda. Hokimiyat fuqarolardan bunday harakatlarni to‘xtatishni so‘ramoqda. — The Guardian

Avvalroq Janubiy Afrika Respublikasida mamlakat sobiq prezidenti Jeykob Zumaning qamoqqa olingani sababli norozilik namoyishlari boshlangani haqida yozgan edik.


Afg‘oniston hukumat idoralariga «Tolibon» harakatlaridan yetkazilgan zarar 500 mln dollarni tashkil etdi

Jangarilar mamlakatning 116 hududida 260 ta davlat muassasalari binolarini, shuningdek, davlat mulkini vayron qilishdi. Qariyb 13 mln afg‘onistonlik ijtimoiy xizmatlardan foydalanish huquqidan mahrum etildi. Va endilikda 50 mingga yaqin davlat xizmatchilari o‘z vazifalarini bajara olmaydilar.


Gaiti prezidentiga suiqasd uyushtirishda gumon qilinayotgan shaxs hokimiyat tepasiga kelishni rejalashtirgan — OAV

Gaitida hibsga olingan amerikalik (asli gaitilik) Kristian Emmanyuel Sanon respublika prezidenti Jovenel Moizni o‘ldirish bo‘yicha operatsiyaning taxminiy koordinatori deb gumon qilinmoqda. Sanon mamlakatda hokimiyat tepasiga kelishni rejalashtirib, ushbu rejani amalga oshirish jarayonida o‘zining xavfsizligini ta’minlashi uchun «shaxsiy soqchi» guruhini tuzgan. Bu haqda The Washington Post ixtiyorida bo‘lgan hujjatlar, shuningdek ushbu rejalar bilan tanish bo‘lgan odamlarning ko‘rsatmalariga tayanib xabar bermoqda. Nashrning yozishicha, Sanon AQShning Florida shtatida bo‘lgan paytida Gaitini qayta qurish bo‘yicha keng ko‘lamli rejani ishlab chiqqan. Uningcha, buning natijasida mamlakatga 83 mlrd dollargacha bo‘lgan sarmoyalar kiritilar edi, bu esa Gaitini qashshoqlikdan olib chiqish va zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlashga yordam bergan bo‘lar edi. Bunday gaplar bilan Sanon tarafdorlarini faol ravishda jalb qilgan, deya yozmoqda nashr.

7 iyul kuni Gaiti prezidenti Jovenel Moiz o‘z uyida otib o‘ldirilgan edi.

Shuningdek: Gaiti politsiyasi marhum prezident xavfsizlik xizmati boshlig‘ini hibsga oldi.


BMT bosh kotibi Tokio Olimpiadasi vaqtida Olimpiya sulhiga rioya qilishga chaqirdi

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish barcha mamlakatlarni Yaponiyada bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari vaqtida Olimpiya sulhiga rioya qilishga chaqirdi. «Olimpiya sulhi — bu o‘yinlar paytida barcha qurollarni jim saqlash uchun an’anaviy signal. To‘qnashuvlarda qatnashayotgan barcha tomonlarni Tokio Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari paytida Olimpiya sulhiga rioya qilishga chaqiraman», — dedi u. Guterrish, shuningdek, «umumiy maqsadlar uchun tinchlik va birlikka intilish bu yil pandemiyani tugatish uchun kurashayotganimizda yanada muhimroq» ekanligini ta’kidladi. — TASS.


Shuningdek:

  • Germaniyada dushanbadan beri davom etayotgan yomg‘irlar tufayli yuzaga kelgan suv toshqini oqibatida 1,3 ming kishi bedarak yo‘qoldi. Suv bosgan yo‘llar va vayron bo‘lgan ko‘priklar tufayli ba’zi aholi punktlariga hanuzgacha kirish imkoni yo‘q. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 80 dan ortiq kishi halok bo‘ldi. Belgiyada esa qurbonlar soni 22 nafarga yetdi, yana 10 dan ortiq kishi bedarak yo‘qolgan.
  • Fransiya poytaxtining ramzi bo‘lgan Eyfel minorasi mehmonlar uchun qayta ochildi. Minora 2020 yil 29 oktyabrda koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha cheklov choralari tufayli yopilgan edi.
  • Pandemiyaga qarshi kurashish uchun Xitoy xalqaro hamjamiyatga 3 mlrd dollar miqdorida yordam beradi.