Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvi 6 avgust kuni Turkmanistonning «Avaza» milliy turizm zonasida bo‘lib o‘tadi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Bu haqda Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovning Toshkentdagi xalqaro konferensiya dasturi doirasidagi uchrashuvida ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning kuzida Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi maslahat uchrashuvi koronavirus pandemiyasi sababli 2021 yilga qoldirilgan edi.

29 iyun kuni Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqotida Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvini Turkmanistonda tashkil etish masalasi muhokama qilingan edi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga tegishli. Bunday yig‘ilishlarning birinchisi 2018 yil mart oyida Qozog‘iston poytaxtida, ikkinchisi — 2019 yil noyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan.