Shu yilning yanvar-may oylarida banklar aholiga 2,67 trln so‘mlik avtokreditlar ajratdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40,5 foizga ko‘p. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga tayanib Spot xabar bermoqda.

Turli viloyatlarda, xususan Toshkentda o‘sish sur’atlari 104 foizgani tashkil qildi. Barcha ajratilgan avtokreditlarning qariyb yarmi — 1,1 trln so‘m poytaxtga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘tgan yili Markaziy bank avtokreditlar bozorini barqarorlashtirish uchun makroprudensial nazoratni kuchaytirgan edi.

O‘shanda regulyatov rahbari Mamarizo Nurmuratov muntazam ravishda avtokredit ajratayotgan banklar kelajakda ularni qanday xatarlar kutayotganini sezmayotganini aytgan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, avtokreditlar — juda riskli kreditlardan hisoblanadi. Chunki kredit hisobiga sotib olingan avtomobilning o‘zi garovga qo‘yiladi. Uning qiymati foydalanilgani sari kundan-kunga kamayib boraveradi. «Bizning makroprudensial chora-tadbirlarimiz ushbu bozorni muayyan darajada barqarorlashtirishimizga imkon yaratadi», — deb ta’kidlagandi Nurmuratov.

Avtokreditlar bo‘yicha qarzdorlar soni yildan-yilga oshib bormoqda. 2019 yilning o‘rtalarida ularning soni 85 mingni tashkil etgandi. Bu 2018 yilning mos davriga nisbatan 2,9 baravarga, 2017 yilga nisbatan 12 baravarga ko‘p.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning aprelida Shavkat Mirziyoyev avtokredit taqdim etayotgan tijorat banklarini rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi.