AQSh prezidentining ichki xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Elizabet Shervud-Rendall 15 iyul kuni Toshkentda «Markaziy Osiyo Mamlakatlari — AQSh» (S5+1) formatidagi navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.

«C5 + 1 forumida biz yakka yoki ikki tomonlama emas, hamkorlikda ko‘proq ish qilishimiz mumkin. Ushbu yondashuv prezident [Jo] Baydenning e’tibori markazida. Bugun biz duch kelayotgan — COVID-19 pandemiyasidan tortib, iqlim o‘zgarishigacha va xalqaro terrorizm bo‘yicha muammolar — bitta mamlakatning o‘zi hal qila olishi uchun juda qiyin», — dedi Elizabet Shervud-Rendall.

Amerika prezidentining maslahatchisi avgust oyining oxirida AQShning Afg‘onistondagi harbiy missiyasi 20 yildan so‘ng yakunlanishini eslatdi. «Biz munosabatlarning yangi bosqichiga o‘tamiz. Prezident Bayden aytganidek, bizning askarlarimiz uyga qaytayotganlarida, Afg‘oniston hukumati va afg‘on xalqiga bo‘lgan sadoqatimiz saqlanib qolmoqda», -deya qo‘shimcha qildi u.

«Biz Afg‘oniston milliy mudofaa kuchlariga xavfsizlik, shuningdek rivojlanish va gumanitar yordam ko‘rsatishda davom etamiz. Biz Qo‘shma Shtatlarga va ittifoqchilarimiz hamda sheriklarimiz xavfsizligiga, shu jumladan sizlarning mamlakatlaringizga tahdid soluvchi terroristik guruhlarga qarshi agressiv harakatlarimizni davom ettiramiz», — ta’kidladi Elizabet Shervud-Rendall.

«Shuningdek, biz afg‘on xalqiga munosib tinchlik olib keladigan va Afg‘oniston kelajagini qo‘llab-quvvatlash uchun yanada kuchli mintaqaviy va xalqaro bazani yaratadigan siyosiy yechimga erishish uchun muzokaralarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettiramiz. Bu Afg‘oniston xalqi va jamoaviy xavfsizligimiz uchun birgalikda qilishimiz kerak bo‘lgan ishdir», — dedi u.

Bundan tashqari, AQSh prezidenti maslahatchisining so‘zlariga ko‘ra, hozirda mamlakat vaksinalarning dunyo bo‘ylab tarqalishini tezlashtirish uchun agressiv kampaniyani amalga oshirmoqda. «Biz COVAX dasturiga 500 mln dozani va’da qildik va vaksina ushbu mintaqaga ham yetib keladi», — deya qo‘shimcha qildi u.