Payshanba, 15 iyul kuni Toshkent shahridagi Markaziy Osiyo xalqaro institutining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Tadbir avvalida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrigi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva tomonidan o‘qib eshittirildi.

Marosimda «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» xalqaro konferensiya doirasida Toshkent shahriga kelgan Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi siyosat idoralari rahbarlari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning yuqori vakillari ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov o‘z nutqida mazkur institutning ochilishi so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda mintaqaviy va iqtisodiy jarayonlarning ahamiyati tobora ortib borayotganidan dalolat berishi haqida ta’kidladi.

TIV rahbari yangi muassasa mintaqaviy hamkorlik istiqbollarini ekspertlar darajasida batafsil muhokama qilish, turli sohalardagi ko‘p tomonlama loyihalar bo‘yicha amaliy va ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish uchun imkoniyat yaratishiga ishonch bildirdi.