World Gold Council (WGC) ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy banki oltin zaxiralari bo‘yicha dunyoda 17-o‘rinni egalladi, deya xabar bermoqda Spot.

Yarim yillik tanaffusdan so‘ng, jahon markaziy banklari oltinga investitsiyalarni faol ravishda oshirishni boshladi — birinchi chorakda 95,5 tonna oltin sotib olingan, bu esa 2020 yilning ikkinchi yarmiga nisbatan 25 foizga ko‘p ekanligini ko‘rsatmoqda.

AQSh 8,1 ming tonna zaxiralari bilan yana birinchi o‘rinni egallamoqda, bu mamlakat oltin-valyuta zaxirasining 79,2 foizini tashkil etadi. Ikkinchi o‘rinda Germaniya (3,3 ming tonna, 76,2%), Italiya uchinchi (2,4 ming tonna, 70,8%). O‘zbekiston 352,7 tonna oltin zaxirasi bilan 17-o‘rinni egallab turibdi, bu mamlakat oltin-valyuta zaxirasining 60,5 foizi hisoblanadi.

Umuman olganda, Markaziy banklari oltinga investitsiyalarni ko‘paytirishda eng faol bo‘lgan beshta mamlakat mavjud. Ulardan biri 32 tonna atrofida oltin sotib olgan O‘zbekiston Markaziy banki bo‘ldi.

Filippin va Turkiyaning Markaziy banklari tendensiyaga qarshi harakat qilib, yil boshidan beri mos ravishda 24,7 va 18,1 tonna metall sotdilar. Natijada, ushbu mamlakatlar zaxirasidagi oltin hajmi mos ravishda 164,1 tonna va 526 tonnani tashkil etdi.