Oliy Majlis Qonunchilik palatasi cpikeri o‘rinbosari, «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov tashkilotlarda xodimlarga koronavirusga qarshi emlashni majburiy qilib qo‘yish mumkinligi haqida ta’kidladi.

Deputatning qayd etishiga ko‘ra, Mehnat Kodeksining 212-moddasiga muvofiq ish beruvchi xodimlarning kasaba uyushmasi bilan kelishgan holda mehnat jamoasining manfaatlaridan kelib chiqib xodimga majburiyat yuklashi mumkin.

«Tashkilot mehnat jamoasining sog‘lom mehnat faoliyatini ta’minlash maqsadida xodimlariga koronavirusga qarshi emlanishni majburiy qilib qo‘ysa bo‘ladi. Qolaversa, har birimizni bizga xizmat ko‘rsatayotgan bank xodimi, sotuvchi, haydovchi, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari, tibbiyot va ta’lim sohasi xodimlarini kasallik tarqatuvchi emasligini kafolatlanishini talab qilishga haqqimiz bor», — dedi u.

«Milliy tiklanish» partiyasi rahbarining ta’kidlashicha, «emalanmaganlarning erkini cheklash kerak».

«Vaksina olishga majbur emassiz. Lekin, xavfsizlikni ta’minlash asosiy vazifasi bo‘lgan, bizning ishonchimiz bilan vakolatli bo‘lgan hukumat, epidemiologik xavfsizlikni ta’minlash maqsadida, emlanmaganlarning erkini cheklashi kerak», — deydi Alisher Qodirov.

«Har birimiz erkin, lekin jamiyat oldida majburiyatlari bo‘lgan fuqaro ekanimizni unutmasligimiz kerak. Bugungi kunga kelib insoniyat ishonch bilan suyanayotgani — meditsina birgina virusning davosini topib berolmadi. Bu hali muhokama qilinishi va tegishli baho berilishi kerak bo‘lgan jiddiy masala, bu keyingi mavzu», — deb yozadi deputat.

«Hozircha virusni ihotalashning yakka-yu yolg‘iz yo‘li emlanish ekan, avvalo o‘zimiz va yaqinlarimizning, qolaversa, atrofimizdagilar xavfsizligi uchun emlanishimiz shart», — deya qo‘shimcha qildi Alisher Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi, SES boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov O‘zbekistonda koronavirusga qarshi majburiy emlash g‘oyasini to‘g‘ri deb hisoblashi xaqida xabar bergan edik. U bu borada Rossiya tajribasini o‘rganishni taklif qilgan.

«Kasallikka qarshi ommaviy emlashni ham ixtiyoriylikdan majburiylikka o‘tkazish kerak vassalom. Shunda kutilgan natijaga tezroq erishiladi», — deb yozgan edi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev.