Iyul oyining boshida Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar shifoxonasi kunduzgi muolaja feldsheri G‘. A. lavozimidan ozod qilingan haqida xabar bergan edik. Bunga tibbiyot xodimining bemorni ro‘yxatga olish uchun 5000 so‘m so‘ragani aks etgan videoyozuv sababchi bo‘lgan. Sog‘liqni saqlash boshqarmasi ushbu xabarni tasdiqlab, hodisaning 24 iyun kuni bo‘lib o‘tganini ma’lum qilgan. Feldsher bilan imzolangan mehnat shartnomasi 1 iyul kuni bekor qilingandi.

«Adolat» SDP viloyat va tuman Kengashi deputatlari, faollar bilan bo‘lib o‘tgan «noxush holat» atroflicha o‘rganildi, deya xabar bermoqda partiya axborot xizmati.

«Tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlari bilan yuzma-yuz muloqotda feldsher G‘.A.ni har tomonlama yaxshi ishlashi haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Shundan so‘ng muolaja feldsheri G‘.A.ni o‘z o‘rniga qayta tiklash yuzasidan mutasaddi tashkilotlar hamkorligida keng qamrovli tushuntirish ishlarini olib bordik», — deya qayd etdi partiya.

Xabarga ko‘ra, 12 iyul kuni «Adolat» SDP viloyat va tuman Kengashiga Chiroqchi tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori S.Boymirzayev imzosi bilan xat kelgan.

«Unda yozilishicha, shifoxona kunduzgi muolaja feldsheri Azamat Pardayevich G‘oziyev yuqumli kasalliklar shifoxonasiga o‘z o‘rniga ishga tiklandi», — deyiladi xabarda.