Moliya vazirligi 2021 yil I yarim yillik uchun davlat byudjeti daromadlar qismining dastlabki natijalarini e’lon qildi.

Hisobot davrida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlari 8,8 trln. so‘mni (o‘sish 1,5 trln. so‘m), jumladan ish beruvchilar tomonidan to‘lov manbaida ushlab qolinadigan soliq 8,1 trln. so‘mni (o‘sish 1,3 trln. so‘m) tashkil etdi.

Tushumlarning o‘sishiga quyidagi omillar ta’sir qildi:

  • o‘tgan yilning II choragida joriy etilgan karantin cheklovlarining yumshatilishi;
  • iqtisodiy faollikning tiklanishi;
  • 2021 yil 1 fevraldan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 10% ga oshgani;
  • 2021 yildan boshlab byudjet tashkilotlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish to‘lovlari tiklangani (2020 yilda vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgan edi).

Qayd etilishicha, hisobot davrida daromadi oshgan xodimlar soni ko‘paygan. Xususan, may oyida 2−4 mln. so‘m olganlar 1,073 mln nafarni (umumiy to‘lovchilar sonidagi salmog‘i 21,3% dan 23,1% gacha oshgan), 4−5,5 mln so‘m olganlar 293 ming nafarni (salmog‘i 4,7% dan 6,3% gacha oshgan), 5,5 mln. so‘mdan yuqori olganlar 387 ming nafarni tashkil qilgan (salmog‘i 5,8% dan 8,3% gacha oshgan).

Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, oylik maoshidan soliq to‘laydiganlar soni 4,64 mln nafarga yetdi. Bu 2020 yil may oyiga nisbatan (4,1 million) 486,6 ming kishiga ko‘pdir.

Shuningdek, 1 mln so‘mgacha miqdorda oylik oladiganlar haligacha ko‘pchilikni tashkil etmoqda — 1,778 mln kishi yoki ish haqidan soliq to‘lovchilar umumiy sonining 38,3 foizi. 1−2 mln so‘m ish haqi oluvchilar soni esa 1,117 mln nafardan ko‘proq (24%). 2−4 mln so‘m oylik oladiganlar soni o‘tgan yildagi 887,9 ming (21,3%) kishidan 1,072 mln (23,1%) kishiga ko‘paydi.

4−5,5 mln so‘m va 5,5 mln so‘mdan ko‘p oylik oladigan soliq to‘lovchilar soni ham oshgan.


Ish haqi darajasi dinamikasi

Bunda soliq to‘lovchilar umumiy sonining qariyb 42% ini ayollar tashkil qilib, ularning jami mehnatga haq to‘lash fondi 34,7%ni tashkil etdi (joriy yilning yanvar-may oylaridagi ma’lumotlarga ko‘ra).


JSHDS to‘lovchilari soni 4,6 million kishi yoki umumiy aholi (34,8 millionga yaqin) sonining 13,3, iqtisodiy faol aholining (15 million kishiga yaqin) 30,9 foizini tashkil etmoqda.

Sobiq moliya vaziri (hozirda bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni qisqartirish vaziri) Jamshid Qo‘chqorov 2018 yil iyulida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i faqatgina aholining uchdan biridan (o‘sha vaqtda 13 mln kishidan 4,5−4,6 mln nafaridan) olinayotganini ma’lum qilgan edi.

«Bizda qancha odam pensiya oladi? 3,3 million kishi. 4,6 millioni soliq to‘laydi, 3,3 millioni pensiya oladi. Ya’ni, qo‘pol qilib aytganda, bir yarimta ishchi bir pensionerni boqishi kerak. Bu ko‘rsatkich eng keksa aholiga ega Yevroittifoq davlatlarida ikki ishchiga bir pensionerni tashkil etadi. Bizda aholimiz yosh, biroq vaziyat boshqacha», — degan edi Jamshid Qo‘chqorov.