Tel-Avivda BAA elchixonasi ochildi

BAAning Isroildagi elchisi Muhammad al-Xajjaning aytishicha, elchixona «bizning yangi sherikligimizni yanada rivojlantirish, nizolarni emas, balki muloqotga intilish, yangi tinchlik paradigmasini yaratish va Yaqin Sharqdagi bahslarni hal qilishda yangi qo‘shma yondashuvni ta’minlash bo‘yicha vazifamizni amalga oshirish uchun asos bo‘ladi». Isroil prezidenti Isxak Gersog elchixonaning ochilishi «bizning Yaqin Sharqda tinchlik, farovonlik va xavfsizlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim bosqich» ekanligini ta’kidladi. — AR.

BAAning Isroidagi birinchi elchisi 1 mart kuni o‘z vazifalarini bajarish uchun Tel-Avivga yetib kelgan edi. Iyun oyi oxirida Abu Dabida Isroil elchixonasi ochilgan edi.


Buyuk Britaniya hukumatida toliblar hokimiyatga kelgan taqdirda, ular bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini ma’lum qilishdi

Tegishli bayonot Birlashgan Qirollik mudofaa vaziri Ben Uollesning Daily Telegraph nashriga bergan intervyusida aytilgan. Vazirning ta’kidlashicha, [toliblar] ma’lum xalqaro majburiyatlarga rioya qilsa, Buyuk Britaniya Afg‘onistondagi vaziyatni qabul qiladi. «Hukumat tarkibi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ular muayyan xalqaro me’yorlarga rioya qilishsa, Buyuk Britaniya hukumati ular bilan ishlaydi», — dedi Uolles. Uning fikriga ko‘ra, «Tolibon» o‘tmishdagi xatolarga yo‘l qo‘ymaydi. Ular xalqaro miqyosda tan olinishni istaydilar, buning uchun esa tinchlik tarafdori bo‘lishi kerak, deya keltiradi uning so‘zlarini nashr. — Daily Telegraph.


Yevropa Komissiyasi iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturni taqdim etdi

Uning maqsadi 2030 yilga kelib Yevropa Ittifoqidagi CO2 emissiyasini 1990 yilga nisbatan kamida 55 foizga kamaytirishdir. Dastur «Fit for 55» deb nomlangan. Bu Yevropa kompaniyalari va uy xo‘jaliklari tomonidan toza texnologiyalar, jumladan qayta tiklanadigan energiya va elektr transport vositalaridan ko‘proq foydalanishni nazarda tutadi. Taklif etilayotgan chora-tadbirlar Yevropa iqtisodiyotining barcha segmentlari, shu jumladan elektr energiyasini ishlab chiqarish, avtomobilsozlik va turar-joy sohalari, shuningdek, dengiz orqali yuk tashish, aviatsiya va qishloq xo‘jaligi sohalarida chiqindilarni kamaytirishga qaratilgan.

Dasturga ko‘ra, ba’zi faoliyat turlari va tovarlarga qo‘shimcha soliq joriy etiladi. Masalan, Yevropa Ittifoqi tomonidan olib kiriladigan tovarlarga uglerod iziga qarab soliq solinishi ko‘zda tutilgan. 2023 yildan boshlab po‘lat, sement, o‘g‘itlar va alyuminiy importi uchun soliqlar olinadi.

2035 yilga kelib dizel va benzinda yuradigan avtomobillarni sotish taqiqlanadi. Bundan tashqari, iste’molchilarni elektr transport vositalariga o‘tishni rag‘batlantirish bo‘yicha qoidalar kiritiladi. Atrof-muhitni ifloslantirgani uchun aviatsiya va transport sohalari ham jazolanadi — ushbu sohalar uchun tegishli soliq joriy etiladi. — Financial Times.

Shuningdek: 14 iyul kuni kechasi Yevropaning g‘arbiy va markaziy qismlariga bo‘ronlar bostirib kirdi, natijada ba’zi shaharlarda yo‘l va uylarni suv bosgan. Kuchli shamol daraxtlarni yiqitib, elektr uzatish simlarini uzgan.

Foto: Germaniyaning Erkrat shahri, David Young/Getty Images


Armaniston Qorabog‘dagi mojaroda 7−8 ming kishi yo‘qotgan — Ilhom Aliyev

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning aytishicha, Armaniston tomoni 2020 yil kuzida bo‘lib o‘tgan ikkinchi Qorabog‘ urushi paytida kamida 7−8 ming kishini yo‘qotgan. Shu bilan birga, prezident Armaniston tomonining haqiqiy yo‘qotishlari ushbu ko‘rsatkichdan ko‘proq ekanligini ta’kidladi. Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjonning Qorabog‘ urushidagi yo‘qotishlari qariyb 3 ming kishini tashkil etdi. — Interfaks.


Fransiyada Bastiliya ishg‘ol etilgan kun nishonlandi

Parijda milliy bayram — Bastiliya ishg‘ol etilgan kuni munosabati bilan an’anaviy parad bo‘lib o‘tdi. Fransiyadagi ushbu milliy bayram Buyuk Fransiya inqilobi bilan, ya’ni 1789 yilda Parij qal’asi Bastiliyani egallab olish kuni bilan bog‘liq.

Foto: EPA/Vostock-photo

Foto: Fransiya prezidenti Emanuel Makron, AR/TASS


Foto: AP/TASS

Foto: Ikki nafar gvardiya zobiti otlaridan yiqilib tushdi, AP/TASS


Shuningdek:

  • Tbilisi meri Kaxa Kaladze va Boku meri Eldar Azizov ikki respublika poytaxtlarini qardosh shahar deb tan olish to‘g‘risida memorandum imzolashdi. Memorandum shaharlar o‘rtasidagi madaniyat, san’at, turizm, shaharsozlik, atrof-muhitni muhofaza qilish, transport, axborot texnologiyalari, energiya samaradorligi va chiqindilarni qayta ishlash sohalaridagi hamkorlikni o‘z ichiga oladi. — Tbilisi meriyasi.
  • Mashhur aktyor va prodyuser Jeki Chan Xitoy kommunistik partiyasi (XKP) a’zosi bo‘lish istagini bildirdi. «Menimcha, XKP ajoyibdir, chunki uning rahbariyati va’da qilgan hamma narsa amalga oshiriladi. Men XKP a’zosi bo‘lishni xohlardim», — dedi aktyor. Hozirda 67 yoshli Jeki Chan Xitoy Xalq siyosiy maslahat kengashi a’zosidir.
  • Myanmaning sobiq davlat maslahatchisi Aun San Su Chji 75 yilga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Unga qarshi 10 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda 76 yoshli siyosatchi uy qamog‘ida. 1 fevral kuni Myanmada harbiylar hukumat rahbarlari hibsga olingani va mamlakatda bir yilga favqulodda holat joriy etilgani haqida e’lon qilgan edi.
  • Janubiy Afrikadagi tartibsizliklarda 72 ga yaqin kishi halok bo‘ldi. Avvalroq qurbonlar soni 32 kishini tashkil etgani haqida yozgan edi.