Namanganning Davlatobod tumanida yashovchi fuqaro bir mevali bog‘ hududida birga ishlagan To‘raqo‘rg‘on viloyatidan kelgan fermerni o‘ldirganlikda gumon qilinmoqda, deya xabar bermoqda Namangan viloyati IIB matbuot xizmati.

Ma’lumotga ko‘ra, 6 iyul kuni soat 21:00 larda, Namangan shahar Davlatobod tumanida yashovchi, N.O. (1965 y.t.) MCHJga qarashli mevali bog‘da shu yerda dehqonchilik bilan shug‘ullangan To‘raqo‘rg‘on tumanida yashagan, M.N. (1958 y.t.) bilan suv talashib o‘zaro janjallashib qoladi.

N.O. qo‘li bilan M.N. ning bosh qismiga urganligi oqibatida, yerga boshi bilan yiqilib, tan jarohati olgan.

M.N. olgan tan jarohati bo‘yicha shifoxonaga yotqizilib, ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, 10 iyul kuni vafot etgan.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotnomasiga ko‘ra, marhumning badanida tashqi tan jarohatlari mavjud emasligi, uning o‘limi bosh miya yopiq shikasti, bosh miya to‘qima ostiga qon quyilishidan kelib chiqqanligi ko‘rsatilgan.

Ushbu holat bo‘yicha Namangan shahar Davlatobd tumani IIB huzuridagi TB tomonidan 2021 yil 10 iyul kuni O‘z.R JKning 104-moddasi 3-qismi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq xabar berilganidek, 2021 yilgi sug‘orish mavsumida suv ta’minoti 25 foiz kam bo‘lishi kutilmoqda. Fevral oyida suvni tejashga oid iqtisodiy va texnik chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan 2021−2023 yillarda suvni boshqarish va sug‘orish sohasini rivojlantirish strategiyasi qabul qilingan. Kutilayotgan suv tanqisligi sharoitida ekinlarni sug‘orish va kollektorlarga tushirish paytida ishlov berilgan maydonlarni suv bosishi har bir holat favqulodda holat sifatida qabul qilinadi.