Gulnora Xashimovna Rahimova moliya vazirining o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda Moliya vazirligi axborot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

U tayinlangunga qadar, 2020 yil 2 oktyabrdan boshlab Moliya vazirligi G‘aznachilik boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari — Davlat xaridlari departamenti direktori lavozimida ishlagan.

Gulnora Rahimova 1975 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tugatgan (1996). Mehnat faoliyatini Milliy universitet o‘quv bo‘limi mutaxassisi, Iqtisodiyot fakulteti menejment kafedrasi katta o‘qituvchisi sifatida boshlagan (1995−2002). Milliy universitetda katta ilmiy xodim (2011−2014), Moliya vazirligi huzuridagi byudjet tashkilotlari va moliya organlari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha o‘quv markazining Davlat byudjetining G‘aznachilik ijrosi kafedrasida katta o‘qituvchi bo‘lib ishlagan (2014−2017). Keyinroq ushbu bo‘lim boshlig‘i sifatida faoliyat olib borgan (2017−2019).

Shuningdek, u Moliya vazirligi G‘aznachiligining davlat xaridlari va monitoringi direksiyasining rahbari (2019), so‘ngra Moliya vazirligi G‘aznachiligining davlat xaridlari departamenti direktori sifatida ishlagan (2019−2020).

Moliya vazirligining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, Gulnora Rahimova 2021 yilning mart oyida Senat tomonidan tasdiqlangan «Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi qonunning muallifi hisoblanadi.