Toshkent metropoliteni 63,3 mln yevroga Rossiyada ishlab chiqarilgan 10 ta poyeznd sotib olmoqda. 12 iyul kuni hukumat qarori (VMQ №435) bilan tasdiqlangan loyihaning texnik-iqtisodiy asosida bu haqda so‘z boradi.

«Gazeta.uz» aprelda Toshkent metropoliteni va VEB.RF korporatsiyasi Rossiyaning Transmashxolding tomonidan ishlab chiqarilgan metro poyezdlarini yetkazib berish to‘g‘risidagi kredit shartnomasini imzolagani haqida yozgan edi.

Loyihani moliyalashtirish manbalari sifatida VEB.RF korporatsiyasining yillik 1,85% stavka bilan 30,4 mln yevro va Roseksimbankning yillik 0,51 foiz stavka bilan 24,4 mln yevro miqdoridagi olingan kreditlar ko‘rsatilgan. Qolgan 8,7 mln yevro davlat byudjetidan ajratiladi.

Vagonlarning o‘zi 50,7 mln yevro turadi. Mablag‘larning qolgani esa butlovchi qismlar, kreditlarni sug‘urtalash, moliyaviy xarajatlar, bojxona rasmiylashtiruvi va boshqalarga yo‘naltiriladi.

O‘zbekiston VEB.RF kreditlarini 2031 yilgacha qaytarishi lozim, bunda foizlar va komission to‘lovlar 3,1 mln yevroga o‘sib, 33,5 mln yevroni tashkil etadi. «Rosekismbank» krediti esa 2032 yilgachafoizlar va komission to‘lovlar bilan 800,8 ming yevroga oshib, 25,2 mln yevro qilib qaytarilishi kerak.

Dastlabki beshta tarkibni yetkazib berish ushbu yozda rejalashtirilgan. Harakat tarkibi Moskva yaqinidagi «Metrovagonmash» zavodida ishlab chiqariladi. Yangi metro vagonlari har birida to‘rtta vagondan iborat 10 ta poyezdni tashkil qiladi.

Vagonlar o‘zaro o‘tish imkonini beruvchi modul konstruksiya bilan jihozlangan bo‘lib, 1,4 kenglikdagi eshiklari ochilish va yopilish vaqtida ovozli signalizatsiya bilan ta’minlangan. Bosh vagonlarda nogironlar aravachasi uchun joylar mavjud. Har bir yo‘lovchi saloni borish stansiyasini topish, yo‘nalishni belgilash, safar vaqtini hisob-kitob qilish imkoniyatlarini beruvchi interaktiv sensorlar bilan ta’minlangan.

Yo‘lovchi saloni va mashinist kabinasi videokuzatuv, shamollatish va havoni zararsizlantirish tizimlari bilan jihozlangan. Vagonlarning yaroqlilik muddati — 30 yil.

Eslatib o‘tamiz, «Metrovagonmash» 2019 yilda O‘zbekistonga beshta «Moskva» poyezdini yetkazib bergan edi. Harakat tarkibini kengaytirish Toshkent metropolitenining rivojlanishi — yangi stansiyalar va yer usti halqa metrosi qurilishi bilan bog‘liq.