O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tashabbusi bilan AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), PricewaterhouseCoopers va BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda bugun «O‘zbekistonda biznes yuritish qiymati 2021» nashri e’lon qilindi. Nashr rus va ingliz tillarida e’lon qilindi (PDF).

Mazkur nashr biznesning asosiy harajatlarini, shu jumladan korxonani ro‘yxatdan o‘tkazish, ish haqi bo‘yicha xarajatlar, soliqlar va soliq imtiyozlari, litsenziyalash, tashqi savdo tartibotlari, bojxona to‘lovlari va preferensiyalari, biznes xizmatlari, moddiy-texnika ta’minoti va O‘zbekistonga tegishli boshqa turdagi ishbilarmonlik masalalarini o‘z ichiga olgan keng qamrovli ma’lumot taqdim etadi.

Shuningdek, ushbu nashr tashqi savdo bo‘yicha umumiy qo‘llanmani o‘z ichiga olgan bo‘lib, unda O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasining yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi, eng qulay sadvo-sotiq tartibi bo‘yicha bitimlar va O‘zbekiston bilan amaldagi erkin savdo shartnomalariga ega bo‘lgan davlatlar ko‘rsatilgan.

Bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqovning qayd etishicha, mazkur nashrda yangi biznes ochish jarayonlari, viza olish, soliq va bojxona to‘lovlarini amalga oshirish tartiblarini bayon etgan. Biznes xizmatlar bozoridagi mavjud masalalar, xususan, moliya va sug‘urta, fond bozori va qimmatli qog‘ozlar bozoridagi imkoniyatlar qamrab olingan. Bundan tashqari, logistik xarajatlar, ijtimoiy-maishiy xizmatlargacha bo‘lgan biznes uchun muhim bo‘lgan jihatlar batafsil keltirilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur hisobot faqatgina biznes uchun foydali emas. U O‘zbekistonda biznes yuritish jarayonlarini yanada rivojlantirish va soddalashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish uchun muhim indikator hisoblanadi.

«O‘zbekistondagi islohotlar ortga qaytmas tus olib bo‘ldi va ular iqtisodiyotning bozor tamoyillarini rivojlantirish hamda real investitsion loyihalarga biznes g‘oyalarni samarali mujassam etish uchun eng maqbul ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga sodiq bo‘lgan yangi O‘zbekistonga aylanishga qaratilgan», — dedi u.

Nashr 6 bo‘lim, 190 sahifadan iborat. Birinchi bo‘limda qanday qilib biznes ochish, buning uchun zarur bo‘lgan litsenziya va ruxsatnomalar, buning uchun talab qilinadigan xarajatlar, xodimlarni qanday tanlash, idora uchun ko‘chmas mulkni ijaraga olish yoki xarid qilish, xom ashyoni qayerdan topish bo‘yicha bosqichma-bosqich hikoya qilinadi.

Ikkinchi bo‘lim soliqlar va yig‘imlarga bag‘ishlangan bo‘lib, unda soliq rejimlari, soliq turlari va stavkalari, imtiyozlar va preferensiyalar, bojxona to‘lovlari va utilizatsiya yig‘imlari, bojxona rasmiylashtiruvi uchun taqdim etilgan hujjatlar ro‘yxati, maxsus iqtisodiy zonalar va boshqalarga bag‘ishlangan.

«Biznes xizmatlari» deb nomlangan uchinchi bo‘limda bank xizmatlari, kreditlash va lizing, sug‘urta, pul o‘tkazmalari, fond bozori, ko‘chmas mulkni baholash, telekommunikatsiya xizmatlari va boshqalar to‘g‘risida ma’lumotlar keltirilgan.

To‘rtinchi bo‘limda ijtimoiy va maishiy xizmatlar, ya’ni Toshkentdagi oliy o‘quv yurtlari, turli xil o‘quv kurslarida o‘qish, tibbiy xizmatlar, sport va fitnes sohasidagi xizmatlar, oziq-ovqat, jamoat transporti narxlari va boshqalar haqida so‘z boradi.

Beshinchi bo‘limda resurslar, aniqrog‘i O‘zbekiston hududlari va ularning iqtisodiy ko‘rsatkichlari haqida batafsilroq so‘z boradi. Shuningdek, bu bo‘limda shaharlar orasidagi masofalar, hokimliklar va Savdo-sanoat palatasi manzillari ko‘rsatilgan.

Oltinchi bo‘lim turli xil ilovalarni taqdim etadi. Masalan, ommaviy kim oshdi savdosida xususiylashtiriladigan korxonalar ro‘yxati, shuningdek, vazirlik va idoralar, hakamlik sudi, markazlar va idoralar, banklar, aksiyadorlik jamiyatlarining bog‘lanish uchun ma’lumotlari, asosiy davlat xizmatlariga foydali havolalar va boshqalar.