Pandemiya boshlanganidan buyon dunyoda to‘yib ovqatlanmaydiganlar soni ko‘paydi — FAO

2020 yilda dunyodagi ochlik muammosi, asosan koronavirus pandemiyasi tufayli katta miqyosga chiqqan, deya ma’lum qilmoqda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO). Hisobotga ko‘ra, o‘tgan yili dunyo aholisining o‘ndan bir qismi — 811 mlngacha odam to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekkan. Taqqoslash uchun, 2019 yilda bu ko‘rsatkich dunyodagi umumiy aholining taxminan 8,4 foizini tashkil etgan. «2030 yilgacha ochlikni to‘xtatish maqsadiga erishish uchun katta kuch talab etiladi», deyiladi xabarda. Ma’lumotlarga ko‘ra, to‘yib ovqatlanmaganlarning yarmidan ko‘pi (418 mln) Osiyoda, uchdan bir qismidan (282 mln) ortig‘i Afrikada yashaydi. Lotin Amerikasi va Karib havzasida qo‘shimcha 60 mln odam to‘yib ovqatlanmaydi. Ta’kidlanishicha, ochlik muammosining keskinlashishi Afrikada kuzatilgan, bu yerda aholining 21 foizi to‘yib ovqatlanmaydi, bu dunyoning boshqa mintaqalariga qaraganda ikki baravar yuqori. — FAO.


Afg‘oniston hududi boshqa mamlakatlarga qarshi ishlatilmaydi — «Tolibon»

"Tolibon" Afg‘oniston hududidan boshqa mamlakatlarning xavfsizligiga tahdid yaratish uchun foydalanishga yo‘l qo‘ymasligini ma’lum qildi. Bu haqda TASS harakatning rasmiy vakili Muhammad Sohail Shohinning so‘zlariga tayanib xabar bermoqda. «Afg‘onistonni boshqa davlatlarga qarshi [hujum qilish uchun] ishlatmoqchi bo‘lgan chet elliklarni, yolg‘iz bo‘lib kelgan bo‘ladimi yoki guruh bo‘ladimi, ularni qabul qilmaymiz», — dedi rasmiy vakil. «Biz Afg‘onistondagi biron bir guruh uchun ochiq yollash, o‘qitish yoki mablag‘ yig‘ishga yo‘l qo‘ymaymiz».

Shuningdek, harakat Turkiya rahbariyatining Afg‘onistondagi kontingentning bir qismini saqlab qolish to‘g‘risidagi qarorini mamlakat suverenitetini va hududiy yaxlitlikni buzish deb bilishi va ular Afg‘onistonni tark etishmasa, ularga hujum uyushtirishi haqida ogohlantirdi. Iyun oyida «Tolibon» Turkiyadan o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqib ketishni talab qilgan edi.

Avvalroq «Tolibon» Markaziy Osiyo davlatlari chegarasi buzilmasligiga, Afg‘oniston hududida xorij davlatlarining diplomatik va konsullik vakolatxonalari xavfsizligi bo‘yicha kafolatlagani haqida xabar bergan edik.


Google Fransiyada 593 mln dollar miqdorida jarimaga tortildi

Fransiyaning raqobat bo‘yicha idorasi Google kompaniyasini yangi nashriyotlar bilan mualliflik shartnomalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish talablarini buzgani uchun 593 mln dollar miqdorida jarimaga tortdi. Ta’kidlashicha, Google nashriyotchilar bilan qidiruv natijalarida ularning nashrlaridagi parchalarni ko‘rsatish imkoniyatini muhokama qilishi kerak, ammo kompaniya buni bajarmay kelgan. — Interfaks.

Avvalroq AQShning Google kompaniyasi Fransiyada raqamli reklama bozoridagi ustun mavqeini suiiste’mol qilganlikda ayblanib, 220 mln yevro miqdorida jarimaga tortilgan edi.


Fransiyada majburiy emlash joriy etilishi mumkin

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tibbiyot xodimlari uchun COVID-19'ga qarshi majburiy emlashni, jamoat joylariga va shaharlararo transportga yo‘llanmalar joriy etilishini e’lon qildi va agar vaziyat yomonlashsa, barcha uchun majburiy emlashni istisno qilmadi.

Mamlakatdagi tibbiyot muassasalari xodimlari 15 sentyabrga qadar to‘liiq emlanishi kerak bo‘ladi. O‘quv yili boshidan maktablarda maxsus emlash kampaniyalari boshlanadi. Ta’kidlanishicha, iyun oyining o‘rtalaridan boshlab 12 va undan katta yoshdagi barcha bolalar uchun vaksinatsiya markazlari ochilgan.

Iyulning oxiri yoki avgust oyining boshidan boshlab barcha dam olish va madaniyat joylariga, 50 dan ortiq odam ishtirokidagi tadbirlarga, kafe va restoranlarga, savdo markazlariga kirish uchun, shuningdek, poyezdlar, samolyotlar va shaharlararo avtobuslarda majburiy bo‘lgan sanitariya yo‘llanmasi joriy etiladi. Hujjatda to‘liq emlanish yoki salbiy PZR test natijalari haqida ma’lumot bo‘ladi.

Makronning so‘zlariga ko‘ra, ushbu kuzdan boshlab Fransiyada PZR sinovlari pullik bo‘ladi. Sentyabr oyi boshida 2021 yil yanvar va fevral oylarida emlanganlarni qayta emlash bo‘yicha kampaniya boshlanadi. — Interfaks.


Angliya karantin choralarini bekor qilishni rejalashtirmoqda

Angliya kasallar soni ko‘payganiga qaramasdan, ushbu hafta oxirida karantin cheklovlarini bekor qilishning so‘nggi bosqichiga o‘tadi. «Ushbu qadam uchun hech qachon mukammal vaqt bo‘lmaydi, chunki biz bu virusni yo‘q qila olmaymiz. Istaymizmi yoki yo‘qmi, koronavirus hech qayerga ketmaydi», — dedi sog‘liqni saqlash vaziri Sajid Javid. 19 iyuldan boshlab Angliyada ba’zi jamoat joylarida niqob taqmaslikka ruxsat beriladi, yig‘ilishlarga qo‘yilgan cheklov bekor qilinadi va ijtimoiy masofa qisman bekor qilinadi. Restoran va tungi klublarga tashrif buyuruvchilar sonidagi cheklovlar ham olib tashlanadi. Shu bilan birga, vazir fuqarolarga o‘zlarini himoya qilish uchun virusga qarshi emlash sertifikatlaridan foydalanishni tavsiya qildi. — Interfaks.


Shuningdek:

  • BMT Afg‘oniston gumanitar fojiaga yaqinlashayotgani haqida ogohlantirmoqda. Mamlakatda mojaroning keskinlashuvi sabab aholi o‘z yashash joylarini tark etishga majbur bo‘lmoqda. Avvalroq Afg‘onistonda 18 mlndan ortiq kishi shoshilinch gumanitar yordamga muhtoj bo‘lib qolayotgani haqida yozgan edik.
  • Iroqning En-Nasiriya shahrida joylashgan kasalxonadagi COVID-19 bemorlari davolanadigan bo‘lim yonib ketdi. Kamida 50 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar jarohatlangan.
  • So‘nggi to‘rt kun ichida JARdagi tartibsizliklarda 32 ga yaqin kishi halok bo‘ldi. Mamlakatda sobiq prezident Jeykob Zumaning qamoqqa olingani sababli norozilik namoyishlari boshlangan.