Afg‘oniston gumanitar fojiaga yaqinlashmoqda, chunki mamlakatdagi mojaroning keskinlashishi insonlar aziyat chekishining ko‘payishiga va aholining ko‘chishiga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha Oliy komissarligi (QIOK) ogohlantirdi.

QIOK hisob-kitoblariga ko‘ra, 2021 yil yanvaridan boshlab 270 ming afg‘onlar asosan xavfsizlikning yo‘qligi va zo‘ravonlik sababli mamlakat ichida ko‘chishga majbur bo‘lgan. Ko‘chishga majbur bo‘lgan fuqarolar soni 3,5 million kishidan oshgan.

«So‘nggi haftalarda o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan oilalar qochishlarining asosiy sababi sifatida xavfsizlik sohasida vaziyatning yomonlashganini ko‘rsatishmoqda», — deya ta’kidlaydi QIOK.

Shuningdek, komissarlikning ta’kidlashicha, ko‘chishga majbur bo‘lgan fuqarolar nohukumat qurolli kuchlar tomonidan tovlamachilik qilinayotganligi hamda asosiy yo‘llarda qo‘lbola portlatish vositalari borligi haqida ma’lum qilgan.

BMTning Afg‘onistonga ko‘maklashish bo‘yicha missiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning birinchi uch oyida oddiy aholi o‘rtasida qurbonlar soni o‘tgan yilga qaraganda 29%ga oshgan. Ularning orasida ayollar va bolalar soni ortib bormoqda.

«Afg‘on xalqining matonati uzoq vaqtga cho‘zilgan mojaro, ko‘p sonli ko‘chishga majbur bo‘lgan fuqarolar, COVID-19 pandemiyasi, takrorlanib turadigan tabiiy ofatlar, shu jumladan qurg‘oqchilik, va chuqurlashib borayotgan kambag‘allik sababli tugab bormoqda. Afg‘onistonda tinchlik bo‘yicha shartnomaga erishilmaganligi va hozirgi zo‘ravonlikning to‘xtatilmasligi aholining yana mamlakat ichida, shuningdek qo‘shni va boshqa mamlakatlarga ko‘chishga majbur bo‘lishiga olib keladi», — deyiladi xabarda.