O‘zbekiston Moliya vazirligi London fond birjasida 635 mln AQSh dollari va 2,5 trln so‘m qiymatidagi xalqaro obligatsiyalarni joylashtirdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Dastlab obligatsiyalarni chiqarish tashkilotchilari yevrobondlardan dollarlik transh uchun 4,25−4,375% atrofida va so‘mlik transh uchun 14,5% atrofida daromad bo‘lishini kutishayotgandi, lekin keyin bu ko‘rsatkichlar pastladi.

Buyurtmalar kitobi ochiq deb e’lon qilinganidan so‘ng, dollardagi obligatsiyalarga talab 2,25 mlrd dollardan, so‘mdagilarga esa — 350 mln dollardan oshib ketdi.

Savdolar natijasiga ko‘ra, yiliga 3,9% daromad bilan 635 mln dollarlik dollar transh 10 yil muddatga (to‘lov muddati -2031 yil 19 oktyabr) chiqarildi. 2,5 trln so‘mlik (taxminan 235 mln dollar) so‘mlik yevrobondlar yillik 14% daromad bilan 3 yilga (2024 yil 19 iyul) joylashtirildi.

Yevrobondlarning dollar va so‘mda asosiy xaridorlari investitsiya fondlari (92%) bo‘ldi. Yevro obligatsiyalari dollar bilan eng ko‘p AQSh (56%) va Buyuk Britaniyada (23%), so‘mda esa Buyuk Britaniyada (43%) va Yevropa mamlakatlarida (24%) sotib olingan.

Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida 2021 yilda davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga binoan tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan sof hajmi 5 mlrd dollar, ichki qarzni jalb qilish uchun esa 500 mln dollargacha bo‘lgan miqdorda belgilanganligini eslatdi. Uning ta’kidlashicha, yevrobondlar ushbu limit doirasida chiqarilishi haqida ma’lum qilingan edi.

«3,3 mlrd dollar [$5 mlrddan] investitsiya loyihalari uchun, 1,7 mlrd dollar esa byudjet kamomadini [qoplash] uchun jalb qilinmoqda. 1,7 mlrddan biz 870 mln dollarni yevrobond sifatida jalb qilamiz, qolgan 830 mln dollarni esa byudjetni qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro moliya institutlaridan jalb qilamiz», — degan edi u.

Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, milliy valyutadagi xalqaro obligatsiyalar chiqarilishidan tushadigan mablag‘lar O‘zbekiston uchun Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) dasturi doirasida BRMni moliyalashtirishga sarflanadi. Gap maktablar, kasalxonalar qurish, suv ta’minoti, gender tengligi siyosatini targ‘ib qilish va boshqalar haqida ketmoqda.

2019 yil fevral oyida O‘zbekiston o‘z tarixida birinchi bor umumiy qiymati 1 mlrd dollar bo‘lgan yevrobondlarni sotuvga qo‘ygan. 500 mln dollar bo‘lgan 5 yillik qog‘ozlarning daromadliligi yiliga 4,75 foizni, 10 yillik yevrobondlar (500 mln dollarlik) — 5,375 foizni tashkil etgan. Qarz obligatsiyalarini qoplash muddatlari 2024 va 2029 yilning fevral oyiga belgilangan edi.

2020 yil noyabr oyida O‘zbekiston dollar va so‘m nominalidagi umumiy qiymati 750 mln dollarga teng bo‘lgan ikkita transh yevrobondlarini chiqardi. Savdo natijasida yiliga 3,7% daromad bilan 555 mln dollarlik dollar transh 10 yil muddatga (to‘lov muddati 2030 yil 25 noyabrgacha), yevro obligatsiyalari so‘mda 2 trln so‘mga tushum bilan yiliga 14,5% daromad bilan — 3 yilga (2023 yil 25 noyabr) chiqarilgan.

Yevroobligatsiya — emitent xorijiy valyutadagi uzoq muddatli qimmatli qog‘oz. Yevrobondlar uzoq muddatga — 1 yildan 40 yilgacha muddatda pul mablag‘larini olishdan manfaatdor bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, hukumatlar, yirik korporatsiyalar tomonidan chiqariladi. Muayyan muddatdan keyin qayta sotib olinishi kerak. Nomida «yevro» so‘zi qo‘shilgan bo‘lsa ham (bunday qimmatli qog‘ozlar ilk bor Yevropada paydo bo‘lgan), bugungi kunda ular turli bozorlarda turli valyutalarda chiqariladi.