13 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klubda O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori va Xalqaro press-klub raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja vaksinatsiya bo‘yicha O‘zbekiston boshqa mamlakatlarga qaraganda yaxshi ko‘rsatkichda ketayotganligini ta’kidladi.

«Toshkentda koronavirus kasalligiga chalinganlar ko‘payib boryapti. Biz baribir vaksina qilishga kuchli e’tibor qilishimiz kerak. Millatning o‘zini-o‘zi davolashi bu vaksina qilish, emlash. Lekin hamma ham vaksina olishga ulgurmadi. Biz yaxshi ko‘rsatkichda ketyapmiz, masalan, boshqa davlatlarga nisbatan. Ba’zi insonlar har xil mish-mish gaplarga ishonyapti», — deydi Sherzodxon Qudratxo‘ja.

12 iyul holatiga O‘zbekistonda koronavirusga qarshi to‘liq emlangan fuqarolar 921 ming 623 nafar yoki O‘zbekiston aholisining 2,64 foizini tashkil qilmoqda (Davlat statistika qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining soni 34 mln 860 ming 170 nafar).

O‘tgan yilning noyabr oyida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botirjon Qurbonov 2021 yilning iyungacha mamlakat aholisining 60 foizigachasini emlash rejalashtirayotganini ma’lum qilgan edi.

Ma’lumot uchun, 12 iyulga qadar Isroilda 55,73%, AQShda 47,90%, Turkiyada 20,88%, Buyuk Britaniyada 51,09%, Rossiyada 13,06%, Qozog‘istonda 12,85 aholi koronavirusga qarshi to‘liq emlangan.