Sog‘liqni saqlash vazirligi Koronavirusga qarshi kurashish respublika maxsus komissiyasi tomonidan joriy etilgan karantin cheklovlari bekor qilingani haqidagi xabarlarni rad etdi.

Eslatib o‘tamiz, 28 iyun kuni maxsus komissiya nomuayyan muddatga butun respublikadagi ko‘ngilochar obyektlar (restoranlar, tungi klublar, karaoke, bilyardxonalar va kompyuter zallari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari — kafe, oshxona va choyxonalar) ish vaqtini 8:00 dan 22:00 etib belgilagan edi. Faqatgina Qashqadaryo viloyatida umumiy ovqatlanish muassasalari ish soati 22:00 gacha uzaytirilgan.

SSV matbuot xizmatining qayd etishicha, ushbu tartiblar ma’lum bir muddat uchun qabul qilingan emas, ya’ni epidemiologik vaziyat barqarorlashganda ushbu cheklovlar bekor qilinadi.

«Agar karantin qoidalariga oid biror o‘zgarish kiritilsa, buni Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy sahifalari orqali e’lon qilinadi. Shunday ekan, yurtdoshlarimizdan va ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan asossiz va tasdiqlanmagan xabarlar tarqatmasliklarini so‘rab qolamiz», — deyiladi xabarda.

Avvalroq «Gazeta.uz» hukumat tomonidan qabul qilinayotgan qaror va choralar ba’zida bir-biriga qarama-qarshi bo‘lib qolayotgani, ayrim cheklovlarga esa amal qilish mutlaqo imkonsiz ekani haqida yozgan edi.

Maxsus komissiyaning haligacha barcha qarorlari e’lon qilinadigan va xronogolik tartibda saqlanadigan rasmiy sayti yo‘q, komissiyaning qarorlari turli idoralar tomonidan va turli manbalarda, shu jumladan Telegram messenjerida e’lon qilinmoqda.

28 iyundan 12 iyulga qadar Toshkent shahriga qo‘shni viloyatlardan avtobus va avtomobil orqali o‘ta zarurat bo‘lmagan hollarda kirish bo‘yicha cheklovlar o‘rnatildi. Mazkur cheklovlar muddati uzaytirilgan yoki bekor qilingani haqida hozircha xabar berilgani yo‘q.