9 iyul kuni O‘zbekiston moliya vazirligi yangilangan «Ochiq byudjet» portalini (openbudget.uz) ishga tushirdi, u yerda davlat byudjeti, davlat qarzi haqida ma’lumot e’lon qilinadi va «Tashabbusli byudjet» bo‘limi yaratilgan. Hozircha sayt test rejimida ishlamoqda.

Tashabbusli byudjetlashtirish yoki partisipator byudjetlashtirish — bu aholining byudjet mablag‘larining aniq qismlarini sarflash maqsadida tashabbuslarni ilgari surishi orqali mahalliy boshqaruvda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etishi.

Prezidentning 2021 yil 13 aprel kunidagi qarori bilan (PQ-5072) fuqarolar byudjetni shakllantirish jarayonlarini nafaqat nazorat qilishi, balki byudjet mablag‘larini shakllantirish jarayonidan boshlab ularni sarflashda qatnashishi uchun ham imkoniyat yaratildi.

Byudjet shakllanishi jarayonida jamoatchilik ishtirokini kengaytirish maqsadida tuman va shaharlarda tegishli byudjetlarning tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirish bo‘yicha yangi tartib bosqichma-bosqich joriy etiladi. Hozir ushbu tartib O‘zbekistonning har bir viloyatida bitta tuman yoki shaharda joriy qilingan (jami 14), 2022 yil 1 yanvardan boshlab esa bu tartib mamlakatning barcha tuman va shaharlarida joriy qilinadi.

Ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun 2021 yilda respublika byudjet mablag‘lari hisobidan tuman va shaharlar byudjetlariga qo‘shimcha ravishda 92,7 mlrd so‘m ajratiladi. Keyingi yildan boshlab ushbu mablag‘lar tuman va shaharlar byudjetlari parametrlarida nazarda tutiladi.

Bundan tashqari, 1 iyuldan boshlab jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ajratiladigan tuman va shaharlar byudjetlari qo‘shimcha mablag‘larining eng kam miqdori 10%dan 30%ga oshiriladi.

Byudjet taqsimotida qanday ishtirok etish mumkin?


Avvalo, 18 yoshdan katta bo‘lgan tashabbuskor fuqarolar (bir kishi yoki guruh bo‘lib) loyiha taklif qilishlari kerak. Ushbu loyihalar ekspertizadan o‘tkaziladi va saralashdan o‘tadi, keyinchalik esa ommaviy ovoz berishga qo‘yiladi. Eng yaxshi loyihalar moliyalashtiriladi.

Tumanlar (shaharlar) hokimiyatlari aholini mahalla, OAV, «Ochiq byudjet» portali va boshqa manbalar orqali loyiha bo‘yicha ariza topshirishning tasdiqlangan mezonlari va muddatlari hamda boshqa shartlari haqida xabardor qilishlari kerak.

Loyihalar bo‘yicha arizalarni yilda ikki marotaba topshirish mumkin — fevral va iyul oylarida (2021 yilda 1 iyuldan 1 avgustga qadar).

Fuqarolar mahalla, aholi punktlari va tumandagi muammolarni hal qilish bo‘yicha loyihalari bilan Openbudget.uz platformasi orqali murojaat qilishlari mumkin. Masalan, shahar infratuzilmasini yaxshilash, xiyobonlar, bolalar va sport maydonchalarini qurish, ekologiya vaziyat va suv ta’minotini yaxshilash, ko‘cha chiroqlarini ta’mirlash va o‘rnatish, maktablarni ta’mirlash va jihozlash va hokazo. Buning uchun ushbu saytda ro‘yxatdan o‘tib, shaxsiy kabinet orqali formani to‘ldirib yuborish mumkin.

Loyihalar tumanlarning (shaharlarning) ijtimoiy-iqtisodiy o‘ziga xosligini inobatga olgan holda dolzarb muammolarni yechishga qaratilgan bo‘lishi kerak. Tashabbuslar shaxsiĭ manfaatlarni (avtomobil ёки uĭ sotib olish, biznesni қŭллаб-quvvatlash va boshqalar) hal qilish imkoniyatini istisno qilishi kerak. Loyihani amalga oshirishning umumiy qiymati bazaviĭ hisoblash miqdorining 4 ming barobaridan oshmasligi kerak (980 mln so‘mdan).

Loyihalarni saralash bilan ishchi komissiya shug‘ullanadi. Uning tarkibiga hokimning birinchi o‘rinbosari (komissiya raisi), qurilish masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari, xalq deputatlari kengashi vakili, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi rahbari — hokim o‘rinbosari, hokimiyatning moliya bo‘limi boshlig‘i, hokimiyatlar qoshidagi jamoatchilik kengashi va nodavlat notijorat takshilotlar vakillari kiradi.

Komissiya loyihalarni mezonlarga muvofiqligi bo‘yicha tekshiradi, ularni iqtisodiy va texnik ekspertizadan o‘tkazadi, shuningdek, u yoki bu loyihani tasdiqlash uchun rad javobini ariza topshiruvchiga tushuntirib beradi.

Keyin ishchi komissiya tanlab olingan loyihalarni jamoatchilik ovoz berishi uchun e’lon qiladi. Loyihalarga 20 kungacha ovoz berish mumkin bo‘ladi. Fuqaro bitta лойиҳа uchun faqatgina 1 marta ovoz berish huquqiga ega.

Eng ko‘p ovoz olgan loyihalar g‘olib deb topiladi. G‘olib loyihalar soni ularni amalga oshirish uchun ajratilayotgan mablag‘dan kelib chiqib aniqlanadi.

Ovoz berish natijalari asosida tegishli tuman (shahar) hokimining g‘olib loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha qarori loyihasi tayyorlanadi. Bir hafta ichida ushbu loyihalar xalq deputatlari kengashiga kiritiladi.

Loyihalarni amalga oshirish uchun ajratiladigan mablag‘lar har bir tuman (shahar) darajasida tuziladigan «Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi»da jamlanadi. 2021 yil 1 iyuldan boshlab fondga mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalaridan 30%dan kam bo‘lmagan mablag‘lari, shuningdek, tasdiqlangan xarajatlarning 5% kelib tushadi. Prezident qarori bilan jamg‘arma mablag‘larini boshqa maqsadlarda ishlatish qat’iyan taqiqlanadi.

Tuman va shahar hokimiyatlari loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha ma’lumotni o‘zlarining rasmiy saytlarida va «Ochiq byudjet» portalida har kvartal tugashidan keyin keladigan oyning 25-sanasiga qadar e’lon qilib borishlari shart.

Loyihalarga misollar


Toshkent shahridagi Chilonzor tumanida 10dan ortiq takliflar iglari surilgan. Tashabbusli fuqarolarning aksariyati maktabgacha ta’lim tashkilotlarini ta’mirlashni va bolalar maydonchalarini qurishni so‘rashmoqda.

Poytaxtning boshqa tumanlarida hozirga qadar faqat 1−2 tadan takliflar berilgan bo‘lsa, Olmazor va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida hozircha loyihalar umuman yo‘q.

Samarqand shahrida hozircha bitta loyiha taklif etilgan — aholi zich yashaydigan joylarda maktablar qurish. Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida fuqarolar gaz quvurlarini o‘tkazishni, bolalar bog‘chalari, ichki yo‘llar va ko‘priklarni ta’mirlashni, qabristonlarni obodonlashtirishni va boshqa masalalar bo‘yicha takliflar berishgan.