Afg‘onistonning Hayraton shahrida faoliyat ko‘rsatgan Rossiyaning Mozori Sharifdagi bosh konsulxonasi diplomatlari O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili — matbuot kotibi Yusup Kabuljanov ma’lum qildi.

«Darhaqiqat, hozirgi vaqtda Rossiya Federatsiyasining Hayraton shahrida (Afg‘oniston) konsullik muassasasida faoliyat yuritgan diplomatlar O‘zbekiston hududiga muvaffaqiyatli tarzda olib kelindi», — deyiladi bayonotda.

Avvalroq Afg‘onistonning 1TV News telekanali «Tolibon» harakati kuchlari Mozori Sharifga kirib kelayotgani munosabati bilan Turkiya, Pokiston va Eron konsulxonalari ushbu hududdagi faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatgani haqida xabar bergan edi. RIA Novostining xabar qilishicha, Rossiyaning Mozori Sharifdagi bosh konsulxonasi «vaziyat aniqlangunga qadar» yopilgan.