2021 yilning birinchi yarim yilligida ichki valyuta bozoridagi holat xorijiy valyutaga bo‘lgan taklif va talab hajmining o‘sishi sharoitida shakllandi, deyiladi Markaziy bank sharhida.

Ichki valyuta bozorida xorijiy valyutadagi umumiy taklif hajmi 2021 yilning I yarim yilligida 9,8 mlrd AQSh dollarini (Markaziy bank intervensiyalarini hisobga olmagan holda) tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 barobarga o‘sdi (2020 yilda — 6,0 mlrd dollar, 2019 yilda — 5,1 mlrd dollar).

Xususan, mazkur davrda:

  • xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan 4,6 mlrd dollar miqdoridagi chet el valyutalari sotilgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 1,7 barobarga oshdi (2020 yilda — 2,7 mlrd dollar);
  • banklar va jismoniy shaxslar tomonidan sotilgan chet el valyutalari miqdori 3,7 mlrd dollarni (2020 yilda — 2,4 mlrd dollar);
  • Davlat markazlashgan resurslari hisobidan sotilgan chet el valyutalari miqdori 1,5 mlrd dollarni tashkil etdi (2020 yilda — 930 mln dollar).

Ichki valyuta bozoridagi taklif manbalari (mln dollar)

Joriy yilning yanvar-iyun oylarida ichki valyuta bozori operatsiyalarida talabning umumiy hajmi 11,3 mlrd dollarni tashkil etib, 2019 va 2020 yillarning tegishli davrlariga nisbatan 1,7 va 1,4 barobarga o‘sdi. Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning umumiy talabdagi ulushi 2021 yilda 18 va 82 foizlarni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilning tegishli davrida bu ko‘rsatkich mos ravishda 21 va 79 foiz nisbatida bo‘lgan.

Ichki valyuta bozori segmentlari kesimida chet el valyutasiga bo‘lgan talabning o‘zgarish dinamikasi (mln dollar)

Yuridik shaxslar bilan amalga oshirilgan valyuta operatsiyalari

Yuridik shaxslar tomonidan chet el valyutasiga bo‘lgan talab 2021 yilning dastlabki 6 oyligida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 43 foizga o‘sib, 9,3 mlrd dollarni tashkil etdi (2020 yil yanvar-iyun oylari — 6,5 mlrd dollar).

Shuningdek, ushbu davrda yuridik shaxslar tomonidan ichki valyuta bozorida 7,8 mlrd dollar miqdoridagi xorijiy valyutalar sotilib, bu ko‘rsatkich 2020 yilning shu davriga nisbatan 1,8 barobarga ko‘pdir (2020 yil I yarim yilligida — 4,3 mlrd dollar).

2021 yil yanvar-iyun oylarida banklarning yuridik shaxslar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri operatsiyalari hajmi dinamikasi (mln dollar)

Valyuta bozorida chet el valyutasining asosiy qismi (56 foizi) ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar, tovarlar va xomashyo importi, 21 foizi — xorijiy kreditlarni so‘ndirish, 20 foizi — xalq iste’moli tovarlari va dori-darmon mahsulotlari importi, 1 foizi — xorijiy investorlar daromadlarining repatriatsiyasi va qolgan 2 foizi — boshqa maqsadlar uchun xarid qilingan.

2021 yilning yanvar-iyun oylarida importni moliyalashtirish manbalari tarkibida ichki valyuta bozorida sotib olingan mablag‘lar (konvertatsiya) ulushi 58 foizni, xorijiy valyutadagi o‘z mablag‘lari hisobiga importni moliyalashtirish ulushi 24 foizni tashkil etdi. 2020 yilning tegishli davrida ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda 57 va 21 foizga teng bo‘lgan.

2021 yilning yanvar-iyun oylarida ichki valyuta bozorida chet el valyutasini xarid qilgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning oylik o‘rtacha soni 9053 tani tashkil etib, 2019 va 2020 yillarning mos davriga nisbatan 47 va 48 foizga oshgan (2019 yilda — 6153 ta, 2020 yilda — 6253 ta).

Jismoniy shaxslar bilan amalga oshirilgan operatsiyalar

Hisobot davrida jismoniy shaxslar tomonidan valyuta ayirboshlash shaxobchalari orqali sotilgan chet el valyutasi miqdori 3,3 mlrd dollarni tashkil etib, avvalgi yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobarga (2020 yilda — 2,2 mlrd dollar) oshdi.

Shu bilan birga, jismoniy shaxslar tomonidan 2 mlrd dollar sotib olinib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,2 barobar (2020 yilda — 1,7 mlrd dollar) o‘sdi.

Joriy yilning yanvar-iyun oylari davomida xalqaro pul o‘tkazmalari orqali respublikaga kelib tushgan valyuta mablag‘lari hajmi 3,3 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga oshdi.

2019 — 2021 yillar yanvar-iyun oylarida xalqaro pul o‘tkazmalari orqali respublikaga kelib tushgan valyuta mablag‘lari hajmi (mln dollar)

Almashuv kursi dinamikasi

Joriy yilning I yarim yilligida milliy valyutaning almashuv kursi dinamikasi ichki valyuta bozoridagi talab va taklifning fundamental faktorlari hamda tashqi omillar ta’sirida shakllandi. Xususan, hisobot yili boshidan milliy valyuta kursi 1,2% ga, iyun oyida esa 0,2% ga qadrsizlandi.