Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov hozirda Afg‘onistondagi notinch vaziyat va O‘zbekistonning bunga munosabati haqida izoh berdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri. Asadovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston mazkur vaziyatda ko‘shni mamlakatning ichki ishlariga aralashmaslik tarafdori.

«Umuman olganda agar Afg‘onistondagi vaziyatni oladigan bo‘lsak, biz albatta ikki davlat orasidagi yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yana ham rivojlantirishdan manfaatdormiz va albatta Afg‘onistonda bo‘layotgan hozirgi to‘qnashuvlar va ziddiyatlar bu Afg‘onistonning ichki ishi. Biz bunga aralashmaslik tarafdorimiz», — dedi u.

Shuningdek, Sherzod Asadov O‘zbekiston hududida xorijiy harbiy bazalarning joylashtirilishi haqidagi masalaga ham to‘xtalib o‘tdi.

«2012 yilda qabul qilingan konsepsiyamiz va mudofaa to‘g‘risidagi qonunimizga muvofiq, O‘zbekiston hududida hech qanday xorijiy harbiy bazalarining joylashtirilishi mumkin emas va biz hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga ham qo‘shila olmaymiz. Bundan tashqari KXSHT (Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti — tahr.) tomonidan bizga hech qanday bunday taklif ham kelib tushgani yo‘q», — deya ta’kidladi u.

Davlat rahbarining matbuot kotibi, AQSh tomonidan afg‘on hukumati askarlarini vaqtincha o‘zining hududida qabul qilish bo‘yicha so‘rov bo‘lgani yoki bo‘lmaganligi haqida savolga ham munosabat bildirdi. Asadov AQSh bunday so‘rov bilan O‘zbekistonga murojaat qilmaganligini ta’kidladi.

«AQSh tomonidan [qilingan so‘rov] haqida men bilmayman, sizda qayerdan bu ma’lumot? Hech qanday rasmiy taklif bo‘lmagan», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 2 iyul kuni AQSh prezidenti Jo Baydenning ma’muriyati Markaziy Osiyodagi uchta davlatdan NATO chiqib ketgunga qadar «Tolibon»dan qochishga harakat qilayotgan AQSh bilan ishlagan 9 mingga yaqin Afg‘oniston fuqarosini vaqtincha joylashtirishni so‘ragani haqida Bloomberg xabar bergan edi. Nashr AQSh Qozog‘iston, Tojikiston va O‘zbekistonga amerikalik harbiylarga yordam bergan afg‘onlarni qo‘shinlarni olib chiqish jarayoni tugashigacha qabul qilishni so‘rab murojaat qilganini qayd etgan.

Sherzod Asadovning qo‘shimcha qilishicha, 3 iyuldan buyon afg‘on harbiylari va «qurollangan shaxslar» O‘zbekiston chegarasini noqonuniy buzib o‘tmoqchi bo‘lgan. Ularning umumiy soni 150 kishiga yetdi.

«Ularning hammasi tegishli tergov va surishitiruv ishlari olib borilgandan keyin xalqaro qonunchilikka muvofiq, o‘z davlatiga qaytarildi. Ya’ni O‘zbekiston hududida noqonuniy bo‘lgan birorta Afg‘oniston fuqarosi hozirgi kunda yo‘q», — dedi u.

«Chegaralarimiz daxlsizligi hech qanday shubha ostiga qo‘yilmasligi kerak. Chegaradan noqonuniy o‘tishlarga bizda yo‘l qo‘yilmaydi», — deya ta’kidladi Sherzod Asadov.

Davlat rahbari matbuot kotibi, O‘zbekiston Afg‘onistonni gumanitar va iqtisodiy tomondan qo‘llav-quvvatlab, o‘z yordamini ko‘rsatishi mumkinligini ma’lum qildi.

Shuningdek, shu haftada bo‘lib o‘tadigan konferensiyaning asosiy mavzularidan biri notinch paytda Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari va umuman olganda jahon hamjamiyati Afg‘onistonga qanday yordam bera olishi mumkinligi hamda bu ikki yirik hudud qanday qilib iqtisodiy nuqtai nazardan barqaror rivojlanishini ta’minlash haqida bo‘ladi, dedi Sherzod Asadov.