11 iyul kechasi Yevropa chempionatining final uchrashuvi o‘tkaziladi. O‘yin oldidan jamoalar tayyorgarligi, ularning finalga qanday yetib kelganligi va o‘yinchilar holati haqida prevyuni taqdim etamiz.

Jamoalarning guruh bosqichidagi natijalari:

Italiya terma jamoasi musobaqaning guruh bosqichida «A» guruhida ishtirok etdi. Mazkur guruhda italiyaliklar bilan birgalikda Uels, Shveysariya hamda Turkiya terma jamoalari joy olgan edi. 1-turda Italiya — Turkiya terma jamoasi ustidan 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. 2-turda Italiya Shveysariyani xuddi shunday hisobda (3:0) mag‘lubiyatga uchratdi. Dastlabki ikki turdan so‘ng nimchorak final masalasini hal etib bo‘lgan Italiya terma jamoasi 3-turda Uelsni 1:0 hisobida yengdi. Shu tariqa jamoa «A» guruhida 9 ochko to‘plagan holda, 1-o‘rin bilan pley-offga yo‘l oldi.

Angliya terma jamoasi «D» guruhida ishtirok etdi. Mazkur guruhda, shuningdek, Xorvatiya, Chexiya hamda Shotlandiya terma jamoalari ham bor edi. Ilk turda Angliya 1:0 hisobida Xorvatiya ustidan g‘alaba qozondi. 2-turda Angliya — Shotlandiya uchrashuvida 0:0 hisobi qayd etildi. 3-turda esa Angliya Chexiya ustidan 0:1 hisobida g‘alaba qozondi. 3 o‘yinda 2 g‘alaba va 1 durang qayd etgan holda Angliya pley-off yo‘llanmasiga ega chiqdi.

Pley-offdan finalga qanday yetib kelishdi?

Italiya terma jamoasiга nimchorak finalda Avstriya termasi raqib bo‘ldi. O‘yinning asosiy vaqtida 0:0 hisobi qayd etildi. Qo‘shimcha 30 daqiqalikda Italiya ikkita, Avstriya esa bita gol urdi. Shu tariqa bahs 2:1 hisobida yakuniga yetdi va Italiya chorak finalga yo‘l oldi.

Chorak finalda esa Italiyaga Belgiya terma jamoasi raqib bo‘ldi. Ushbu o‘yinda barchasi 1-bo‘limda hal bo‘ldi. Italiya 31 va 44-daqiqalarda gol urgan bo‘lsa, bo‘lim oxirida Belgiya gol urib, hisobni qisqartirdi. 1:2 hisobi o‘yin yakuniga qadar saqlanib qoldi va Italiya g‘alaba qozonib, yarim finalga yo‘l oldi.

Yarim finalda Italiya Ispaniya bilan kuch sinashdi. O‘yinning asosiy vaqtida 1:1 hisobidagi durang qayd etildi. Qo‘shimcha vaqtlarda ham g‘olib aniqlanmadi. Penaltilar seriyasida italiyaliklar 4:2 hisobida g‘alaba qozonib, finalga yo‘l oldi.

Angliya terma jamoasiга nimchorak finalda Germaniya raqib bo‘ldi. Ushbu bahsda angliyaliklar 2:0 hisobida g‘alabaga erishdi va keyingi bosqichga yo‘l oldi.

Chorak finalda Angliya Ukrainaga qarshi bahs olib bordi. Xarri Keynning dubli, Maguayr va Xendersonlarning urgan gollari evaziga Angliya terma jamoasi 0:4 hisobida g‘alabaga erishib, yarim finalga chiqdi.

Bu bosqichda esa ularga Daniya terma jamoasi raqib bo‘ldi. O‘yinning asosiy vaqtida 1:1 hisobi qayd etildi. Qo‘shimcha vaqtlarda penaltidan urilgan gol Angliya terma jamoasini finalga olib chiqdi.

Terma jamoalarning Yevropa chempionatidagi finallari

Bugun bo‘lib o‘tadigan final o‘yini Italiya uchun Yevropa chempionatlari tarixidagi to‘rtinchi final hisoblanadi. 1980 yili bo‘lib o‘tgan Yevrop chempioantida Italiya Yugoslaviya terma jamoasi bilan finalda o‘ynagan va 2:0 hisobida g‘alaba qozongan. 2000 yili o‘tkazilgan Yevropa chempionatida esa Italiya hamda Fransiya terma jamoalari finalga qadar yo‘l olgan. Ushbu o‘yinda Fransiya terma jamoasi qo‘shimcha vaqtlardagi gol evaziga 1:2 hisobida g‘alaba qozonib, chempion bo‘lgan. 2012 yili Polsha va Ukraina maydonlarida bo‘lib o‘tgan Yevropa chempionatining finalida Italiya terma jamoasi Ispaniyaga qarshi bahs olib borgan. O‘yinda ispaniyaliklar 4:0 hisobida g‘alaba qozonib, turnir g‘olibiga aylanishgan.

Angliya terma jamoasi uchun esa mazkur final o‘yini Yevropa chempionatlari tarixidagi ilk final hisoblanadi. Bundan avval terma jamoa finalga chiqa olmagan. Angliyaliklarning turnirlardagi eng yaxshi natijasi bu yarim final hisoblanadi. 1996 yilgi Yevropa chempionatida Angliya Germaniyaga qarshi yarim finalda o‘ynagan va penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lib, turnirni tark etgan.

O‘zaro o‘yinlar

Mazkur terma jamoalar o‘zaro 27 bor to‘qnash kelishgan. Shundan 10 ta uchrashuvda Italiya, 8 tasida esa Angliya g‘alaba qozongan. 9 o‘yinda esa durang natija qayd etilgan. To‘plar nisbati borasida Angliya ustun — 31:33.

Jamoalarning ayni vaqtdagi yaxshi formadagi futbolchilari

Yevropa chempionatida Italiya terma jamoasi safida eng foydali futbolchi Chiro Immobile bo‘lib turibdi. U 5 o‘yinda jami 391 daqiqa maydonda harakat qildi. Ushbu o‘yinlarda futbolchi 2 marta gol urib, 2 marta golli pas berishga muvaffaq bo‘lgan.

Angliya terma jamoasi safida esa Rahim Sterling 6 o‘yinda ishtirok etib, 522 daqiqani maydonda o‘tkazgan. Uning hisobida 3 ta gol va 1 ta golli pas bor.

Uchrashuv qayerda o‘tkaziladi?

Foto: gettyimages.com

Mazkur o‘yin London shahridagi «Uembli» stadionida bo‘lib o‘tadi. Pandemiya sharoitida mazkur stadionning 50 foizi muxlislar bilan to‘ldirilishiga ruxsat berilgan.

Eslatib o‘tamiz, Italiya — Angliya uchrashuvi 11 iyuldan 12 iyulga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan 00:00 da boshlanadi.