Koronavirusga chalingan bemorlarini davolash markazlari O‘zbekistonning ikki viloyatida pnevmoniya bilan kasallanish va holatlarning ko‘payishi sababli qayta ish boshlamoqda.


Samarqand shahridagi sport majmuasida o‘tgan yil avgust oyida tashkil etilgan va kasallanish ko‘rsatkichlari kamayishi bilan yopilgan 1000 o‘rinli davolash va taqsimlash markazi yana ish boshladi.

Markaz rahbari va Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Ahmadjon Bobojonovning so‘zlariga ko‘ra, shu paytgacha COVID-19 tashxisi qo‘yilgan bemorlar Samarqanddagi 340 o‘rinli ikkita ixtisoslashtirilgan kasalxonada davolangan.

“Ammo bugungi kunda kasallikka chalinish holatlari ko‘payayotgani sababli markazni qayta ochishga to‘g‘ri keldi. Bu yerda viloyatimizning turli hududlaridan keltirilayotgan bemorlarni davolash uchun barcha zarur tibbiy jihozlar mavjud, dori vositalari zaxirasi yaratilgan. Hozirda 100 nafarga yaqin malakali tibbiyot xodimlari markazda ishlashga jalb qilingan”, — deya qo‘shimcha qiladi u.

“Kasallik belgilari va asoratlari bir xil emas, o‘zgarib turibdi”, — deydi u. Ta’kidlanishicha, ayni paytda koronavirus yuqtirgan bemorlarda asosan, holsizlik, bo‘g‘imlar og‘rig‘i, diareya kuzatilmoqda. O‘tgan yil bemorlarda dastlabki bosqichda o‘pkada zararlanish kuzatilgan bo‘lsa, hozir kasallikning besh-oltinchi kunidan bu xavf yuzaga kelyapti.

“Shu sababli aholidan karantin qoidalariga qat’iy rioya qilishlari hamda kasallikka qarshi emlash jarayonlarida faol ishtirok etishlarini so‘raymiz. Salomatligimizni asrash o‘zimizga bog‘liq — tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, sog‘lom turmush tarziga amal qilsak kasallik bizdan yiroq bo‘ladi”, — deydi Ahmadjon Bobojonov.


Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida o‘tgan yil tashkil etilgan va kasallanish ko‘rsatkichlari kamayishi bilan yopilgan davolash va taqsimlash markazi yana ish boshlagan.

“Shu paytgacha COVID-19 infeksiyasi aniqlangan bemorlar Namangan shahridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanayotgan edi. Ammo bugungi kunda kasallikka chalinish holatlari ko‘payayotgani sababli markazni qayta ochishga to‘g‘ri keldi. Hozirda 100 nafarga yaqin malakali tibbiyot xodimlari markazda ishlashga jalb qilingan”, — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Kecha Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov ana shu markazga bordi. U markazda har qanday holatda ham elektr energiyasi, ichimlik suvi hamda kislorod uzilishi mumkin emasligini ta’kidladi. “Barcha elektr generatorlari doimo shay turishi, kislorod zaxiralari avvaldan yetkazib berilishi shart”, — deydi u.

Bundan tashqari, Toshkent shahrining Uchtepa tumanиdaги sport saroyida COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun zahira markazi ochilmoqda. Ushbu zahira markazi 100 o‘ringa mo‘ljallanib, u yetarlicha sovitgichlar, kislorod konsentratorlari, shifokor va hamshiralar bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, tuman hududidagi Jahon tillari universiteti talabalar turar joyida ham 300 o‘ringa mo‘ljallangan zahira markazi tayyorlanmoqda.

“Gazeta.uz” avvalroq Toshkentdagi “Yoshlik” va “Universal” sport majmualari hamda “O‘zekspomarkaz"da joylashgan koronavirus bemorlari uchun taqsimlash markazlari faoliyati qaytadan yo‘lga qo‘yilayotgani haqida xabar bergan edi.