Toshkent Do‘stlik bog‘i (sobiq Bobur bog‘i) yoz oxirida aholi uchun qaytadan ochilishi rejalashtirilmoqda. Rekonstruksiya ishlari kecha-kunduz amalga oshirilmoqda. Bu haqda parkni rekonstruksiya qilish loyihasi rahbari Nuriddin Sagatov 8 iyul kuni bo‘lib o‘tgan press-tur davomida ma’lum qildi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, hukumatning 2018 yilgi qarorida ko‘zda tutilgan rekonstruksiya jarayoni cho‘zilib, bog‘ butkul qarovsiz holga kelib qolgandi. May oyining boshlarida Toshkent va Yakkasaroy tumani hokimliklari vakillari shahar aholisi bilan uchrashib, rekonstruksiya masalalarini muhokama qildilar. Aholi tomonidan boqqa nisbatan qo‘yilgan asosiy talablar quyidagilar bo‘ldi: ko‘p sonli daraxtlar va maysazorlarni muntazam sug‘orish, sayr qilish uchun yo‘lakchalar, ularni velosiped yo‘llaridan ajratish, o‘rindiqlar o‘rnatish, favvoralar, sport maydonchalari, qayiqli ko‘l, skeytbord va roliklar uchun maydoncha, shaxmatlar, bepul kirish, va boshqalar.

Nuriddin Sagatovning aytishicha, loyiha mualliflari bugungi kungacha mavjud bo‘lgan obyektlar va infratuzilmani saqlab qolishga harakat qilishgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Do‘stlik bog‘ining asosiy vazifasi avvalo sayr qilishga imkon yaratishdan iborat. Loyiha mualliflari bog‘ni jismoniy faollik va suv zonalariga, shuningdek, dam olish zonasiga ajratdilar.

«Bu yer dam olish uchun joy. Hozir hamma hordiq chiqarish mumkin bo‘lgan sokin sayrgohlarni xohlamoqda. Salqin va sersoya», — dedi loyiha rahbari. Shuning uchun bu yerga birorta ham attraksion o‘rnatilmaydi.

Nuriddin Sagatov. Foto: Toshkent hokimligi matbuot xizmati.

Rekonstruksiya ishlari shahar byudjeti hisobidan amalga oshirilmoqda. Obodonlashtirish jarayonida parallel ravishda loyihalash ishlari ham olib borilayotgani sababli, ishning qiymati hozircha aniqlashtirilmoqda, dedi Nuriddin Sagatov.

Toshkent hokimi o‘rinbosari — mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Furqat Mahmudxo‘jayev loyihalashtirish va loyihani amalga oshirish ishlarining bir vaqtda amalga oshirilayotganini bog‘ni iloji boricha tezroq foydalanishga topshirish zarurligi, odamlar jaziramada sayr qila oladigan joylar yo‘qligi bilan izohladi.

Boqqa kirish bepul bo‘ladi, deya ishontirdi Nuriddin Sagatov. Hududga yettita darvoza orqali kirish mumkin bo‘ladi. Ulardan uchtasi asosiy bo‘ladi: Bobur ko‘chasidagi asosiy kirish joyi, shuningdek Bratislava va Shota Rustaveli ko‘chalaridagi darvozalar. Shota Rustaveli ko‘chasidan kirish joyda skameykalar va chiroqlar bo‘ladi.

Shuningdek, sobiq «Sietl» kafesi, O‘zbek tili va adabiyoti universiteti yonidagi ikkita darvoza va Bobur ko‘chasidagi «Seul» bog‘i orqasidan kirish joylari ham saqlab qolinadi.

Do‘stlik bog‘i hududi 12 gektardan ortiq, dedi Nuriddin Sagatov. 74 ming kv. m hududni maysazorlar egallagan. O‘simliklarni parvarish qilish uchun butun sug‘orish tizimi yangilanmoqda. Hozir bog‘da 2000 dan ortiq ko‘p yillik daraxt va butalar mavjud. Kuzda gullarni hisobga olmaganda, yana 700 ta o‘simlik ekish rejalashtirilgan. Ular orasida eman, katalpalar, kashtanlar, lola daraxtlari, shumtollar, siren va boshqalar bo‘ladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda rekonstruksiya vaqtida ishchilar daraxtlarni sug‘orishmayapti degan gap-so‘zlar tarqaldi. Nuriddin Sagatovning ta’kidlashicha, o‘simliklar davom etayotgan ishlarga xalaqit bermaslik uchun kechqurun va kechqurun sug‘oriladi. Kunning issiq vaqtida sug‘orish daraxtlarning o‘ziga ham zarar yetkazishi mumkin, dedi u.

Rekonstruksiya loyihasi rahbarining ta’kidlashicha, shu vaqtgacha park hududining taxminan 30 foizi yoritilgan. Obodonlashtirish ishlaridan so‘ng bu yerda yana 120 ga yaqin qo‘shimcha chiroqlar paydo bo‘ladi.

Bratislava ko‘chasi tomondagi favvoralar, «kapalak» ko‘l va suv havzasi bog‘ hududining 10 ming kvadrat metrlik qismini egallaydi. Ularning faoliyat ko‘rsatishi uchun zamonaviy nasoslar, filtrlar va gidroizolyatsiya tizimi o‘rnatilmoqda. Hozirda suvga ko‘k va lojuvard tus berish uchun «kapalak» ko‘lining tubi shu ranglardagi gidroizolyatsiya materiallari bilan qoplab chiqilmoqda. Ko‘llarda geyzerlar va favvoralar paydo bo‘ladi. Suvdagi lazer namoyishi uchun uskunalar ham o‘rnatilmoqda.

Qayiq va katamaranlarni qaytarish masalasi hozircha muhokama qilinmoqda, deya qo‘shimcha qildi Nuriddin Sagatov.

Ishchilar ko‘prik qoplamasini yangilab bo‘lishdi. «Kapalak» ko‘lining o‘ng qanotidagi ayvoncha saqlab qolinadi.

Bog‘ perimetri bo‘ylab velosiped va yugurish yo‘laklari quriladi. Ular piyodalar yo‘llari bilan kesishmaydilar.

Hayvonot bog‘i yonida joylashgan kutubxona faoliyatini qayta tiklash va modernizatsiya qilish rejalashtirilmoqda. Yakkasaroy tumanining sobiq madaniyat markazi binosida («Akvamarin» hovuzi va «Sietl» bog‘i o‘rtasida joylashgan) «Sietl» va Do‘stlik muzeylarini ochish rejalashtirilgan. Toshkent «Sietl» muzeyi ekspozitsiyalari bo‘yicha Amerika shahri bilan ikki tomonlama uchrashuv tashkil etishni rejalashtirmoqda, dedi Nuriddin Sagatov «Gazeta.uz»ga. «Seul» bog‘iga kirish qarshisidagi ma’muriy bino negizisida esa retro kafe ochiladi.

Uchala bino ham XIXasr oxiri — XX asr boshlariga mansub bo‘lib, o‘sha vaqtlarda bog‘ hududi Turkiston general-gubernatorining dacha bog‘i bo‘lgan. Ular obyektlarning ahamiyatini inobatga olgan holda rekonstruksiya qilinmoqda, dedi Nuriddin Sagatov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hayvonot bog‘ini qaytarish masalasi ham hozircha ko‘rib chiqilmoqda. Sanitariya me’yorlari va qoidalariga rioya qilinishi kerak.

Retro kafe loyihasi pastki o‘ng va chapdan. Boshqa obyektlar — stol tennisi va skeytbord maydonchalari.

Piyodalar yo‘llari qoplamalarining zarurat bo‘lgan joylarini yangilash rejalashtirilmoqda, dedi Nuriddin Sagatov. Hozirda parkning asosiy xiyobonida Bobur ko‘chasidagi markaziy kirishdan Bratislava ko‘chasidagi darvozagacha bo‘lgan piyodalar yo‘laklari yangilanmoqda.

Bog‘ning asosiy xiyoboni.

Ishchilar «kapalak» ko‘liga olib boradigan granit zinapoyalarni tiklamoqda. Tosh panjaralari saqlab qolinadi.

Loyihachilar Toshkent va Sietl o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatilgani munosabati bilan 1988 yilda ochilgan Sietl bog‘iga alohida e’tibor qaratishdi.

«Sietl» bog‘ini rekonstruksiya qilish loyihasi.

Bog‘ qurilayotgan vaqtda bu yerda kapsula o‘rnatilgan. U shu nomdagi kafe hududida joylashgan. Tosh obyektda Sietlning geografik koordinatalari o‘yib yozilgan bronza medalon mavjud. Nuriddin Sagatovning so‘zlariga ko‘ra, AQShda ham Toshkent koordinatalari yozilgan xuddi shunday kapsula mavjud.

«Vaqt» haykaltaroshlik kompozitsiyasi ham restavratsiya qilinmoqda. Shaharliklarning so‘zlariga ko‘ra, obyektning eng pastki qismidagi qahramonlarga doimiy ravishda yozib-chizib tashlanadi. Bog‘ ma’muriyati kelgusida bunday vandalizmga qarshi kurashishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, uzoq yillardan berish ishlamayotgan «Globus» favvorasini ham rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Nuriddin Sagatov ta’kidlaganidek, uning ishlashi uchun nasoslar va filtrlar yangilanadi. Suv kompozitsiya uzra yer shari ko‘rinishida terib chiqilgan toshchalar orqali yuqoridan hovuzchaga oqib tushadi.

Ushbu globusda Toshkent va Sietl bronza yulduzchalar ko‘rinishida belgilab qo‘yilgan.

«Sietl» bog‘idagi daraxtlar bilan o‘ralgan basseynlar qo‘lda ishi bo‘lgan plitkalar bilan bezatilgan. Plitkalar amerikalik bolalar tomonidan shaharlar o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatilgani munosabati bilan tayyorlangan. Ularning aksariyati yaroqsiz holga kelib qolgan, shuning uchun ularni almashtirish rejalashtirilgan. Nuriddin Sagatovning ta’kidlashicha, ishchilarga dekorning asl ko‘rinishiga iloji boricha yaqinroq qilib yaratish vazifasi yuklangan.

«Sietl» bog‘ida Kanada emanidan tayyorlangan kompozitsiya ham bor. Nuriddin Sagatovning so‘zlariga ko‘ra, u albatta saqlab qolinadi. Qoziqoyoqlar yog‘och uchun maxsus suv o‘tkazmaydigan material bilan qoplanadi.

«Sietl» bog‘ida qoplamalar faqat qisman yangilashni talab qiladi. Ba’zi yo‘llar mahalliy granit bilan qoplangan. Tosh faqat silliqlanadi.

«Sietl» bog‘ini yangilash loyihasidagi «Globus» favvorasi va eman qoziqoyoqli kompozitsiya.

Yuqoridagilardan tashqari, Tinchlik qo‘ng‘irog‘i atrofini obodonlashtirish va amfiteatrni ta’mirlash ham rejalashtirilgan.

Faol dam olish zonasida basketbol, badminton, shaxmat, yoga, trenajyorlar, skeyterlar va BMX-velosipedchilar uchun maydonchalar tashkil etish rejalashtirilgan. Katta stol tennisi korti tiklanadi. Bu yerda, xuddi avvalgidek, ushbu sport turi bo‘yicha turli darajadagi chempionatlarni o‘tkazish mumkin bo‘ladi.

Nuriddin Sagatovning so‘zlariga ko‘ra, ilgari parkda rassomlarni tez-tez uchrashish mumkin edi. Ular uchun ham art-maydoncha yaratiladi.

«Seul» bog‘i ortida matematika, geografiya, astronomiya, lingvistika va boshqa yo‘nalishlarda o‘yin maydonchalari paydo bo‘ladi. O‘yin maydonchalari atrofidagi infratuzilma va o‘yin maydonlarining o‘zi bolalar o‘yin mobaynida ham biror narsani o‘rganishlari uchun alifbo harflari va turli tillardagi so‘zlar, turli formulalar bilan bezatiladi.

O‘yin va sport maydonchalari bog‘ florasiga zarar yetkazmaslik uchun daraxtlardan xoli joylarga joylashtiriladi.

Nuriddin Sagatovning so‘zlariga ko‘ra, tashrif buyuruvchilar butun bog‘ hududida piknik qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shuningdek, «Akvamarin» hovuzini saqlab qolish ham rejalashtirilgan.

«Gazeta.uz» kolumnisti Botir Qobilovning yaqinda e’lon qilingan «Bog‘larni aholiga qaytaring» maqolasida Toshkentda yashil hududlar yetishmasligi muammosi ko‘tarilgan edi. Ko‘plab bog‘larda daraxtlar kesib tashlangani bois ular o‘zining noyobligi va mikroflorasini yo‘qotdi. Yashil hududlar ko‘proq pul ishlash ilinjidagi investorlarga sotib yuborilib, aholining daraxtlar va toza havoga bo‘lgan talabi qanoatlantirilmadi.

Do‘stlik bog‘ining shahar balansiga qaytarilishi — uzoq kutilgan va hozircha hokimiyatning shaharliklarning dardu hasratlariga quloq tutgan noyob hodisalardan biri bo‘lib turibdi. Umid qilamizki, bog‘ o‘zining borligini davom ettirish ilinjida savdo nuqtalariga quloq ochmaydi, bog‘larni shahar byudjeti hisobidan saqlab turish amaliyoti esa davom ettiriladi. Zero davlatning bog‘larni saqlab turish xarajatlari sog‘liqni saqlash xarajatlarining o‘ndan birini ham tashkil etmaydi.