«Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritishning elektron tizimini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida«gi Hukumat qarori qabul qilindi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram-kanali.

Qaror bilan Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida yagona elektron ish yurituv tizimi («E-ma'muriy ish» tizimi) orqali ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni yuritish tartibi bo‘yicha nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni vakolatli organlar tomonidan tekshirish, zarur ma’lumotlarni olish hamda ulardan foydalanish «E-ma'muriy ish» tizimi orqali amalga oshiriladi.

Ichki ishlar vazirligi «E-ma'muriy ish» tizimini tashkil etish, uning sifatli va uzluksiz faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash bo‘yicha mas’ul organ etib belgilandi.

Qarorga ko‘ra, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga hamda protsessning boshqa ishtirokchilariga (jabrlanuvchi, guvoh, xolislar va boshqa ishtirokchilarga) ishni ko‘rib chiqish vaqti va joyi haqida elektron xabarnoma yuborish mexanizmi ishlab chiqiladi.

2021 yil 1 sentyabrgacha sud qarori bilan yoki boshqa sabablarga ko‘ra bekor qilingan ma’muriy jarimalarni yoki kamaytirilgan jarimaning farqi summasini avtomatlashtirilgan tarzda fuqarolarga qaytarish mexanizmi yaratiladi.

Nizomga ko‘ra, quyidagilar ma’muriy ishlarni yuritishda hisobga olish elektron hujjatlari hisoblanadi:

  • ma’muriy bayonnoma;
  • ma’muriy jazo qo‘llash to‘g‘risidagi qaror.

Ma’muriy jazo qo‘llash to‘g‘risidagi qaror «E-ma'muriy ish» tizimi orqali elektron hujjat shaklida chiqariladi hamda ijro etish uchun huquqbuzarga yetkazib beriladi.

Huquqbuzar unga ma’muriy jazo qo‘llash to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida jarima miqdorining 70 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lagan taqdirda, jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod etiladi.

Shuningdek, avtomototransportlarni jarima maydonchalariga qo‘yish hamda chiqarish sud yoki vakolatli organlarning tegishli qarori asosida «E-ma'muriy ish» tizimidan foydalangan holda amalga oshiriladi.

Agar ma’muriy jazo qo‘llash to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan kundan boshlab 3 oy davomida ijro etishga qaratilmagan bo‘lsa, bunday qaror ijro etilmaydi.

Ma’muriy ishlarni yuritishda qonunlarning ijrosi ustidan prokuror nazorati «E-ma'muriy ish» tizimi orqali amalga oshirilishi mumkin.