Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod tuman sudi keksa odamga kuch ishlatishda ayblangan patrul post xizmati sobiq xodimlariga nisbatan hukm chiqardi, deya xabar bermoqda Yoshlar telekanali.

Hodisa 2020 yil 5 dekabr kuni sodir bo‘lgan. Hududdagi navbatchi xodimlar mast bo‘lgan degan uch fuqaroni to‘xtatadi.

«Keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ular atrofdagilar hayoti yoki xavfsizligi uchun biror-bir rahna soluvchi xatti-harakat sodir etishmagan. Shunday bo‘lsada IIB xodimlari ular bilan qo‘pol munosabatda bo‘lishgan. Go‘yoki tuman IIB da tibbiyot xodimlari borligi haqida yolg‘on ma’lumot berib, shunga asosan ularni tuman Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limiga olib bormoqchi ekanliklarini sabab qilib ko‘rsatib, xizmat avtomashinasiga o‘tirishlarini taklif qilishadi. Biroq 73 yoshli fuqaro ularga qarshilik ko‘rsatadi. IIB xodimlari qasddan kuch ishlatib, fuqaroni avtomashinaga o‘tkazmoqchi bo‘lishganida unga og‘ir tan jarohati yetkazishadi.», — deyiladi xabarda

Jabrlanuvchining advokati Nigora Tojiboyevaning aniqlik kiritishicha, IIB sobiq xodimlari keksa fuqaroni mashinaga joylashtirmoqchi bo‘lganida, u boshi bilan urilgan.

Sud endilikda IIB sobiq xodimlarini Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismining «k» bandi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish bir guruh shaxslar tomonidan) va 206-moddasi 1-qismi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bo‘yicha aybdor deb topdi.

Ularga Jinoyat kodeksining 45-moddasini (Muayyan huquqdan mahrum qilish) qo‘llagan holda, 9-moddasi (Ayb uchun javobgarlik prinsipi) tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 2 yil muddatga Ichki ishlar organlari tizimida ishlash huquqidan mahrum qilib, 5 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi.