Namangan viloyatida daraxtga itni osgan bolalarning ota-onalari, shuningdek voqeani videoga olgan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan maktab o‘quvchilari ma’muriy javobgarlikka tortildilar, deya xabar bermoqda viloyat IIB matbuot xizmati.

“Gazeta.uz” avvalroq may oyi oxirlarida ijtimoiy tarmoqlarda ikki bolaning daraxtga kuchukni osayotgani tasvirlangan video tarqalgani haqida yozgan edi. Namangan IIB xabariga ko‘ra, 24 may kuni Chortoq tumani “Sohibkor” mahallasida yashovchi ikki nafar maktab o‘quvchisi uyidagi tovuqlariga zarar yetkazgan itni dalaga tashlab kelish maqsadida uni o‘zi bilan olib, uydan chiqadi. “O‘zlari sodir etayotgan harakatlarni huquqiy oqibatini tushunib yetmasdan itni chinor daraxtiga osgan”, — deyiladi xabarda.

Ushbu holatni Chortoq tumani “Hayrli” mahallasida yashovchi I.B. (2003 y.t.) videotasvirga olgan. U Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi sinfdoshlar guruhiga yuborgan. 27 may kuni videoni 11-sinf o‘quvchisi A.T. “TikTok” ijtimoiy tarmog‘iga joylashtirgan. Videotasvirdagi kuchukni, uni osgan bolalardan biri parvarishlayotgani aytilgan edi.

29 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chortoq tuman sudi tomonidan, 2003 yilda tug‘ilgan, S.O. hamda 2003 yilda tug‘ilgan N.A.larga nisbatan MJtKning 189-moddasi 1-qismiga (Voyaga yetmagan shaxsni ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishga jalb qilish) asosan ish xujjatlari ko‘rilib ularga nisbatan 2 mln 450 ming so‘mdan jarima jazosi tayinlandi.

Voyaga yetmaganlar, 2008 yilda tug‘ilgan, M.N.ning otasi O.N va 2009 yilda tug‘ilgan, O.R.ning otasi N.R.larga nisbatan MJtKning 47-moddasi 1-qismiga (Ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi) asosan to‘plangan xujjatlar Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha tuman idoralararo komissiyasi tomonidan ularga nisbatan bazaviy xisoblash miqdorining bir baravari miqdorida ya’ni 245 ming so‘m miqdorida jarima jazosi belgilandi.