9 iyul kuni AOKAda prezidentning korrupsiyaga qarshi kurashga qaratilgan yangi farmoni va qarori mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirish yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda adliya vaziri Ruslanbek Davletov prezident farmoni bilan 1 yanvardan davlat xizmatchilariga xorijda bank hisobraqamlarini ochish, naqd pul mablag‘larini saqlash va boshqa mol-mulkka ega bo‘lish taqiqlanishi haqidagi normalarga izoh berdi.

Vazirning ma’lum qilishiga ko‘ra, yanvargacha bo‘lgan muddatda biror bir davlat xizmatchisining xorijda mulki bo‘lsa, unda uni «yo‘qotishi» kerak.

«„Yanvargacha demak [xorijda hisobraqam] ochib olsa bo‘lar ekan-da, mulkka ega bo‘lsa bo‘lar ekan“ degan har xil talqinlar bo‘lmoqda. Bo‘lmaydi. Agar bo‘lsa, yanvargacha voz kechib yo‘qotish kerak unaqa mulkini. Yanvardan keyin tartib to‘liq kuchga kiradi. Ya’ni hozir bo‘lgan bo‘lsa, u yo‘qolishi kerak. [Mulk] meros bo‘lib qoladigan bo‘lsa ertaga, meros bo‘lib tushadigan bo‘lsa ham u merosni sotib yoki xadya bo‘ladigan bo‘lsa ham uni o‘zidan begonalashtirishi kerak. Shunday tartib butun dunyoda qo‘yilgan», — dedi u.

Ruslanbek Davletov bunda faqat davlat xizmatchisi sifatida faoliyatini boshlaganidan buyon qo‘lga kiritgan xorijdagi ko‘chmas mulk haqida so‘z borayotganini ta’kidladi.

«Bevosita farmonda yozilgan, bu davlat xizmatchisi bo‘lishidan oldin olingan [xorijdagi] mulk [masalasi]. Ya’ni, talaba bo‘lgan paytida, davlat xizmatiga taalluqli bo‘lmagan paytidagi faoliyati natijasida bo‘lgan mulkka [taalluqli emas]. Bu faqat ko‘chmas mulkka taalluqli. Chunki ko‘chmas mulk ro‘yxatdan o‘tadi, qachon ro‘yxatdan o‘tganligini aniqlab, belgilash mumkin, davlat xizmatidan oldin bo‘lganmi. Lekin bankdagi depozitda qimmatbaho narsalarni qo‘yadigan bo‘lsa, unda qiyin. Shuning uchun mana shunday normalar belgilangan va qat’iy nazorat qilinadi», — deya qo‘shimcha qildi adliya vaziri.