8 iyul kuni Moskvada Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Z.N. Kabulov Tolibon harakati (TH) siyosiy idorasi delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuv davomida Afg‘oniston Islom respublikasidagi vaziyat va afg‘onistonaro muzokaralarni boshlash istiqbollari muhokama qilindi, deya xabar bermoqda Rossiya TIV matbuot xizmati.

Rossiya tomoni Afg‘onistonning shimoliy hududlarida keskinlik kuchayganidan xavotir bildirdi va uning mamlakat tashqarisida tarqalishining oldini olishga chaqirdi. «Tolibon» Markaziy Osiyo davlatlari chegarasi buzilmasligiga, Afg‘oniston hududida xorij davlatlarining diplomatik va konsullik vakolatxonalari xavfsizligi bo‘yicha kafolat berdi, deya ta’kidladi Rossiya TIV.

Xabarga ko‘ra, «Tolibon» vakillari mamlakatdagi barcha etnik guruhlarning manfaatlarini inobatga olgan holda, muzokaralar orqali mamlakatda barqaror tinchlikka erishishdan, shuningdek, inson huquqlarini, shu jumladan ayollarni Islom me’yorlari va afg‘on urf-odatlari doirasida hurmat qilishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.

Shuningdek, guruhning Afg‘onistondagi ISHID tahdidiga qarshi kurashish va fuqarolar urushi tugaganidan so‘ng mamlakatda giyohvand moddalar ishlab chiqarishni yo‘q qilish bo‘yicha qat’iy qarorlari ta’kidlandi, deyiladi xabarda.