So‘nggi vaqtlarda elektr ta’minotidagi uzilishlardan shikoyatlar soni oshib bormoqda. Ayniqsa jazirama kunlar kelishi bilan ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez tarmoqdagi uzilishlar va kuchlanishning tushib ketgani haqidagi xabarlar paydo bo‘lmoqda.

Izlanishlar elektr ta’minotidagi uzilishlar iqtisodiyotga va ijtimoiy sohaga, jumladan, sog‘liqni saqlash, moliya sektori, riteyl, ishlab chiqarish, ta’lim, onlayn xizmatlar va boshqalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishini tasdiqlamoqda.

AQShda riteyl sohasidagi yirik kompaniyalar uchun elektr energiyasining 24 soatga uzilishi 5 mln dollargacha yo‘qotish demakdir. 2018 yilda Stenford universiteti o‘quv binolarining uchdan bir qismida elektr uzilishi natijasida ventilyatsiya tizimining to‘xtab qolishi odamlar xavfsizligiga ta’sir qilishidan xavotirlanish sababli mashg‘ulotlarning bekor qilinishi va laboratoriya tadqiqotlarining to‘xtalishiga olib kelgan edi.

AQSh Energetika vazirligining hisobotiga ko‘ra, elektr ta’minotidagi uzilishlar tufayli Amerika korxonalari har yili 150 mlrd dollar yo‘qotmoqda. So‘nggi yigirma yil ichida Afrikaning Sahroi Kabir janubidagi 39 ta mamlakati energiya ta’minotidagi uzilishlar sababli YAIMning yillik real o‘sishida 2% gacha yo‘qotgan bo‘lishi mumkin.

Jahon iqtisodiy forumi tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, elektr energiyasining uzilishi ma’lum bir sovutilgan haroratda saqlanishi kerak bo‘lgan vaksinalarning buzilishiga olib kelishi mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, haroratni nazorat qilish, logistika va transport bilan bog‘liq muammolar tufayli har yili vaksinalarning 50% dan ortig‘i buzilmoqda. COVID-19ga qarshi emlash jarayoni kechayotgan bir vaqtda, bu muammo yanada muhim ahamiyat kasb etadi.

«Gazeta.uz» Toshkentdagi tadbirkorlar bilan elektr ta’minotidagi uzilishlar ularning kompaniyalariga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani, tok yo‘qligiga qarshi qanday choralar ko‘rayotgani va elektr ta’minotisiz ishlashga qanchalik imkoniyatlari borligi to‘g‘risida suhbatlashdi.

Zamira Rahmonova, Testo restoranlar tarmog‘i hamta’sischisi: «Ham iqtisodiy, ham imij yo‘qotishlariga uchrayapmiz»

«Tok bo‘lmasa, ovqat tayyorlay olmaymiz yoki kofe qaynatolmaymiz, chunki barcha jihozlarimiz gazda emas, balki elektr energiyasida ishlaydi. O‘z-o‘zidan pul ishlay olmaymiz», — dedi Zamira Rahmonova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu muammo «muassasa imijiga ham juda ta’sir qiladi, chunki mijoz kafega mazali taom tanovvul qilish, do‘stlari, oilasi, bolalari bilan vaqt o‘tkazish yoki uyiga biror narsa olib ketish istagida keladi, lekin muassasani chiroqsiz holda ko‘rganida, albatta, ushbu salbiy holat uning xotirasida saqlanib qoladi». Uning fikricha, bunday holat mijozning keyingi safar ushbu muassasaga kelish yoki kelmasligi haqidagi qarorlariga ham ta’sir qiladi.

«Yaqinda shunga o‘xshash holat ro‘y berdi: zal to‘la odam bir soatcha o‘z buyurtmalarini kutishdi, chunki aynan tushlik paytida tokni o‘chirib qo‘yishdi. Bu marketing va piar nuqtai nazaridan salbiy ta’sir qiladi, chunki mijoz allaqachon och va g‘azabnok. Albatta, u bizning aybimiz emasligini tushunadi, ammo, baribir, unda shunday salbiy tajriba qolib ketadi», — deydi Zamira Rahmonova.

Elektr ta’minotidagi uzilishlar umumiy ovqatlanish korxonalari ishchilarining ish sharoitlariga ham juda salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda: «Chunki hozirda issiqning eng yuqori pallasi va xodimlarimiz konditsionerlar ishlamaydigan, sovutish uskunalari ishlamaydigan xonada qolishga majbur bo‘lmoqda. Bir necha soat davomida tok bo‘lmasa, xona ichi dim bo‘lib ketadi, bunday haroratda odamning samarali ishlashi yoki umuman, o‘zini yaxshi his qilishi amrimahol».

«Agar uzoq vaqt davomida elektr bo‘lmasa, biz xodimlarga uyga ruxsat berib yuboramiz», — deydi Zamira Rahmonova.

Agar muassasada bir soatdan ko‘proq elektr bo‘lmasa, o‘sha kuni faoliyatini davom ettira olmaydi. «Chunki sovutkichlarimizda sarxil mahsulotlar bo‘ladi, ular — salatlar, qaysidir mavsumiy takliflar, desertlar. Uskunalarimiz esa optimal sovuqlikni bir soatdan kamroq vaqtgacha saqlab turishga imkon beradi. Hatto elektr toki yana kelgan taqdirda ham, baribir u eridi, keyin qaytadan muzlatilsa, mahsulot sifati va ko‘rinishini yo‘qotadi», — dedi Testo asoschisi.

«Katta sovitish kameramiz ham bor, unda yuzlab kilogramm yarim tayyor mahsulotlarni saqlaymiz va bu yarim tayyor mahsulotlar harorat rejimi o‘zgarib turadigan sharoitda saqlanmasligi kerak. Chunki mahsulot sifatiga ta’sir qiluvchi kristallanish va boshqa jarayonlar sodir bo‘ladi. Tok o‘chirilganda, biz muammoni jismoniy yo‘l bilan hal qilishga harakat qilamiz. Restoranlarimizning boshqa birida tok bo‘lsa, buzilmasligi uchun barcha mahsulotlarni o‘sha yerga tashiymiz. Lekin mashinada 15−20 daqiqa ichida olib borilsa ham, baribir, mahsulotlar yomonlashishi mumkin», — deya ta’kidladi Zamira Rahmonova.

«Biz tegishli xizmatlarga murojaat qildik, ammo natija yo‘q. Shunga qaramay, muntazam ravishda tokni o‘chirib qo‘yishmoqda», — deya xulosa qildi u.

Zohid O‘lmasboyev, Lebazar hamta’sischisi va direktori: «Onlayn xizmat uchun elektr energiyasi — butun biznesning o‘zagidir»

«Onlayn xizmat bo‘lganimiz sababli elektr energiyasi biz uchun juda muhim», — deydi Zohid O‘lmasboyev. — Chunki aloqa markazi ham, masofada joylashgan serverlar ham elektr energiyasiga bog‘liq. Va uzilishdagi har bir soniya, bu — CRM tizimidagi to‘xtalish demakdir va natijada koll-markaz xodimlari aloqani yo‘qotadi".

«Biz joylashgan biznes markazi ma’muriyatiga shikoyat qilsak, ular doimo yelkalarini qisib, bu ularga bog‘liq emasligini, bu elektr tarmoqlari bilan bog‘liq muammo ekanligini aytishadi», — deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, elektr energiyasi bo‘lmagan har bir soniya kompaniya uchun juda ham seziladi, chunki telefoniya elektr energiyasiga bog‘liq va mijozlar ularga qo‘ng‘iroq qila olmay qolishadi. «Bu juda jiddiy muammo. Onlayn do‘kon, onlayn xizmat uchun elektr energiyasi, bu — biznesning o‘zagidir», — deydi Zohid O‘lmasboyev.

Yechimlar haqida gapirar ekan, Lebazar hamta’sischisi: «Elektr energiyasidagi muammolar sababli biz hozirda barcha serverlarimizni qaysidir ofislarda bo‘lmasligi uchun bulutli texnologiyaga ko‘chiryapmiz. Garchi bu biz uchun qaysidir darajada unchalik to‘g‘ri va xavfsiz bo‘lmasa ham», — deya ta’kidladi.

Zohid O‘lmasboyev kompaniyaning asosiy qurollari — kompyuterlar, noutbuklar — ham elektr energiyasiga bog‘liq ekanini eslatib o‘tdi. «Har bir noutbukka UPS qo‘yamiz, lekin ular ham bir necha daqiqalarga yetadi», — deydi u.

«Koll-markazining har bir xodimini mijozlarga shaxsiy raqamlari orqali bog‘lana olishlari yoki Telegram yordamida muloqot qilishlari uchun mobil aloqa bilan ta’minlashimizga to‘g‘ri kelmoqda», — deya qo‘shimcha qildi Lebazar rahbari.

Akmal Payziyev, Express24 asoschisi: «Ko‘plab mijozlar ovqatlarni o‘z vaqtida ololmaydilar»

«Shahar markazida uchta ofisimiz bor, Pedagogika universiteti yaqinidagi ofisimizda kuchlanish past, u 170 V gacha tushib ketadi. Bunday kuchlanishda konditsionerlar ofisni sovitmaydi. Bu xodimlarning ish samaradorligiga eng yomon ta’sir ko‘rsatadi, odamlar issiqda normal ishlay olmaydilar», — deydi Akmal Payziyev.

«Biz oziq-ovqat yetkazib berish bilan shug‘ullanamiz. Ko‘plab restoranlar elektr pechkalarda ishlaydi va kuchlanish pasayishi sababli, hatto shahar markazida ham pishirish vaqti cho‘zilib ketadi. Tushlik paytida pishirish vaqti yanada uzayadi, bu ko‘plab kurerlarni ushlab qoladi va jarayonni juda sekinlashtiradi. Ko‘plab xaridorlar oziq-ovqat mahsulotlarini vaqtida ololmaydilar. Restoranlarning o‘zida ham kutish vaqti cho‘ziladi. Kuchlanish pasaygani tufayli ba’zi bir sheriklarimizning sovitkich va muzlatkichlari ishlamayapti, katta miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlari aynib qolmoqda, natijada sheriklarimizning menyularidan foydalanib bo‘lmayapti», — deya ta’kidlaydi Akmal Payziyev.

Sherzod Qayumov, Fratelli Casa hamta’sischisi: «Ikki soat elektr energiyasi bo‘lmasa, butun kunni yo‘qotamiz»

«Elektr uzilganida mahsuldorligimiz pasayadi, ishlab chiqarishni to‘xtatamiz va mijozga yetkazib berishda kechikayotganimiz to‘g‘risida xabar berishimiz kerak. Shuningdek, bu kiyim-kechak ishlab chiqarish tezligiga ham juda salbiy ta’sir qiladi», — deydi Sherzod Qayumov.

«Elektr energiyasi ikki soatdan ko‘proq vaqt yo‘qligini ko‘rsak, tikuvchilarimizga ruxsat berib yuboramiz. Bu kunni allaqachon foydasiz, yo‘qolgan deb hisoblash mumkin», — deya qayd etadi Sherzod Qayumov.

Elektr uzilsa, kompaniya ishni davom ettirish uchun hech qanday chora ko‘ra olmaydi: «Biz shunchaki kutamiz, shahar yoki tuman elektr tarmoqlariga qo‘ng‘iroq qilamiz, ulardan qachon elektr bo‘lishini bilamiz, boshqa hech qanday choramiz yo‘q. Fabrikamiz katta va uskunalarimizni UPS yordamida ishlata olmaymiz».