Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 iyul kuni Toshkent viloyatining Qibray tumanida barpo etilayotgan «Yangi O‘zbekiston» bog‘ining qurilish jarayoni bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Qurilish ishlariga 2 mingdan ziyod quruvchi va ishchi, 200 dan ortiq maxsus texnika jalb qilingan.

Bog‘ mazmuni milliy davlatchilik tarixi, xalqning bugungi intilishlari va Uchinchi Renessans maqsadlarini o‘zida mujassam etadi. 104 gektarlik bog‘ning umumiy ko‘rinishi Harakatlar strategiyasi yo‘nalishlariga monand daraxtning beshta shoxi shaklida bo‘ladi. Bu yerda odamlar tabiat qo‘ynida dam oladigan so‘lim hududlar barpo etiladi.

Kashtan, eman, chinor, lola, nastarin kabi manzarali daraxtlar, butalar va gullar ekiladi.

Bog‘ hududida «Istiqlol» majmuasi qurilmoqda. U O‘zbekistonning 3 ming yillik tarixini, ajdodlarning buyuk ishlarini, xalqning milliy o‘zligini, O‘zbekistonning yangi qiyofasini namoyon etadi. Hozirgi kunda ushbu ulkan inshootning poydevori quyilib, temirdan asosi yasalgan.

Bir gektardan ziyod maydonda 5 ming o‘rinli ochiq amfiteatr barpo etiladi. Kelgusida bu yerda umumxalq bayramlari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi. Majmua zamonaviy yoritish va akustika tizimlari bilan jihozlanadi. Ayni paytda tomoshabinlar joyi tiklanib, sahnaning temir sinchlari o‘rnatilgan.

Bog‘da, shuningdek, 6 gektarlik sun’iy ko‘l, sport maydonchalari, bolalar o‘yingohi, sokin hudud va favvoralar barpo etiladi. Bugungi kunda ular quriladigan maydonlar tayyorlanib, sug‘orish va oqova tizimlari barpo etilmoqda.

Davlat rahbari boqqa ekiladigan manzarali daraxt ko‘chatlarini ham ko‘rdi.

Qibray tumanidagi ushbu hududda Olimpiya shaharchasi, universitet, shifoxona, savdo va ko‘ngilochar maskanlar ham barpo etiladi. Bugungi kunda ularning qurilishi boshlab yuborilgan.

«Gazeta.uz» davlat portali ma’lumotlariga asoslanib, «Yangi O‘zbekiston» bog‘i va «Istiklol» majmuasi qurilishining pudratchisi Mimar Group ekani haqida xabar bergan edi. Toshkent hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasining ikkala lotida ham pudratchi sifatida Mimar Group ko‘rsatilgan. Birinchisida qurilish-montaj ishlari qiymati 146,5 milliard so‘mni tashkil etadi, ish boshlanishi to‘g‘risida xabarnoma 17 iyun kuni topshirilgan. Ikkinchi lot bo‘yicha — 47,8 milliard so‘m, xabarnoma 19 iyun kuni topshirilgan.